8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

16:23 / 23.12.2017 94830

«Falokat yuz berdi». Elektr energiyasidagi uzilishlarga izoh berildi​

Foto: Ro‘ziqul Rayimov/Kun.uz

Qish mavsumi boshlanishi bilan Kun.uz tahririyatiga elektr energiyasida kuzatilayotgan uzilishlardan shikoyatlar kelib tusha boshladi. Ma'lum qilinishicha, aholi iste'moli uchun yetkazib berilishi nazarda tutilgan elektr energiyasi Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarida rejali cheklov jadvalidan tashqari bajarilmoqda. Ya'ni, ayrim xonadonlarda surunkasiga sutkalab tok bo‘lmaydi. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri «O‘zbekenergo» AJ rahbariyati bilan suhbatlashdi.

«​Biz o‘tgan yilga nisbatan, ko‘proq elektr energiyasini yetkazib berish rejasini bajarmoqdamiz. Masalan, Farg‘ona viloyatiga joriy yilning 12 dekabr kuni 16,4 million kilovatt elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa, mos ravishda o‘tgan yili viloyatga 13,7 million kilovatt energiya yetkazib berilgandi. Ammo, shuni tan olib aytish lozimki, «O‘zbekenergo» AJ bir vaqtning o‘zida ikkita katta halokatni boshdan kechirdi.

Gap shundaki, Tolimarjon IES hamda Navoiy IESda yangi bug‘-gaz qurilmasi ishdan chiqdi. Gaz filtrlovchi quvurda yuz bergan nosozlik qurilmaning ishga yaroqsiz bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi. Yanada aniqroq qilib aytsak, bug‘-gaz qurilmasiga gazni filtrlab o‘tkazib beruvchi moslamaning faoliyati faqat toza gaz mahsuloti yetkazib berilgandagina yaxshi ishlaydi»​, deydi «O‘zbekenergo» AJ mutasaddi vakili.

Aniqlanishicha, 13 dekabr kuni har ikkala issiqlik elektrostansiyalarga yetkazib berilgan gaz mahsulotlari tarkibida chiqindi va ish faoliyatiga ta'sir etuvchi qoldiqlar bo‘lgan. Jamiyat rahbariyatining ta'kidlashicha, IES bug‘-gaz qurilmasini gaz chiqindisidan tozalash uchun bir necha kun talab etiladi hamda stansiya faoliyatini to‘xtatib turishi shart.

«Bu qurilma va filtr orasidagi masofa 300 metrni tashkil etadi. Uning ichida turli jo‘mraklar, filtr qavatlari hamda devorlar bor. Shu boisdan har birini tozalashga uzoq vaqt ketdi. Shunday qilib, Navoiy IES 16 dekabr kuni, Tolimarjon IES esa 14 dekabr kuni qaytadan ishga tushdi», deb izoh berib o‘tdi rahbariyat.

Yangi qurilmaning o‘rnatilganini hisobga olib, moslamalarning qish mavsumiga tayyorgarligini oldindan tekshirishning imkoni yo‘qmi? Ushbu savol barchani qiziqtiradi.

«Masala boshqa jihatdan ko‘rib chiqilishi lozim, biz toza va sifatli gazni qabul qilishimiz kerak. Qolaversa, ob-havoning o‘zgarishi bilan gaz bosimida ham bir muncha farqlanish kuzatiladi. Bunda kimdir aybdor emas, shunday holat kuzatilishi tabiiy. Havo sovishi bilan gaz ham kondensatsiyaga uchraydi va shunday hol yuz berdi», deb fikr bildirdi mas'ul xodim.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekenergo» AJ raisi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimovning ta'kidlashicha, xalqning norozligiga sabab bo‘layotgan bitta omil texnik nosozlik tufayli qisqa muddat elektr energiyasini yetkazib berishdagi uzilish emas, balki rejali cheklovning nomutanosib olib borilishidir.

«Bir qishloqda tok yo‘q, qo‘shni mahallada esa bor. Mana shu omil xalqni norozi qilmoqda. Masalan, viloyat markazi, shaharda elektr energiyasi o‘chmaydi, lekin eng chekka qishloqda uzilish bor. Mana bu yerda bizning kamchiligimiz, mana shu yuzasidan o‘tirib ishlashimiz lozim», deydi u.

Bundan tashqari, yana boshqa rakursdan qaraganda, elektr energiyasidan foydalanilganda ham iqtisodni o‘ylab ish tutish lozim. Ushbu fikrni bildirgan Ro‘ziqul Rayimovning aytishicha, asl muammoning ildizi energiya yetkazib berishdagi tig‘iz vaqtlarda paydo bo‘ladi.

«Oqshom 2-3 soat va ertalab yana shuncha vaqt tig‘iz va muammoli hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida barcha elektr energiyasidan foydalanish hajmini ko‘tarib yuboradi. Aslida, O‘zbekiston aholisining iste'moli uchun yetarli, qolaversa, undan oshiq elektr energiyasini ishlab chiqaramiz. Ammo, bir vaqtning o‘zida barcha uskuna va chiroqlarni yoqish evaziga qo‘shimcha yukni ko‘tarishning imkoni yo‘q. Xalqimizdan shuni iltimos qilgan bo‘lardimki, tig‘iz vaqtda kerakli uskuna va chiroqlarni yoqing, isrof qilmang. Kelasi yildan, ana shu tig‘iz vaqtda energiya sarflash bir muncha qimmat bo‘ladi, boshqa vaqtda esa energiya narxi arzon tariflanadi», deydi u.

Rais o‘rinbosarining aytishicha, aholiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hisobidan uylarni isitish, ovqat pishirish nazarda tutilmagan. Masalaning bu jihati ham sohadagi muammoning boshqa tomonini ochib beradi. Ya'ni, iste'mol uchun berilgan energiya tabiiy gaz «​zimmasi»dagi ishlarni ham bajarmoqda.​

«​Tig‘iz vaqtda uch soat energiyani tejang - hammasi iziga tushadi. Tassavur qiling, erta tongda yo‘l chetida ikki nafar yo‘lovchi turgan bo‘lsa, bir daqiqa ham o‘tmasdan ularning soni ming nafarga chiqadi. Shu holatning oldini olib cheklov qilinadi, axir», deydi Ro‘ziqul Rayimov.​

Ish vaqti allaqachon tugaganiga qaramay, mehnat qilishdan to‘xtamagan rahbariyat bilan suhbatlashib, bir nimani tushunganday bo‘ldik: elektr energiyasidan foydalanish madaniyatini yuksaltirish lozim. To‘g‘ri, sohadagi kamchilik va xatolar uchrab turibdi, ammo amalga oshirilishi rejalashtirilgan kelgusi ishlar bilan o‘rtoqlashgan «O‘zbekenergo» AJ rahbariyati aholi energiya sarfidan oqilona foydalanishni o‘rganmas ekan, barcha islohotlar behuda ketishini aniq tushuntirib berdi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Top