22:41 / 07.01.2018
12547

Odil Ahmedovning sobiq bosh murabbiyi «Dakar» rallisida debyut qildi

Foto: Instagram/avbdakar

2014–16 yillarda «Zenit» klubini boshqargan portugaliyalik futbol murabbiyi Andre Villash-Boash o‘zi uchun debyut hisoblangan «Dakar» rallisining yo‘ltanlamaslar klassida 46-o‘rinni egalladi, deb yozadi RBK-Sport.

«Dakar» ralli-marafonining 40-yubiley poygasi Peru poytaxti Limada start olgan. Eng nufuzli poyga hisoblanuvchi yo‘ltanlamaslar klassining birinchi bosqichida qatarlik Nosir al-Attiyya poygani ilgari ikki marta yutgan o‘zining mashhur Toyota’sida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Odil Ahmedov to‘p surayotgan «Shanghay SIPG» futbol klubining sobiq murabbiyi Andre Villash-Boash o‘zining «Dakar»dagi debyut poygasida 46-pozitsiyadan start olgan. 40 yoshli futbol mutaxassisi poygada ishtirok etishini noyabr oyida e'lon qilgan edi. «Unutilmas lahzalar», — deya «Dakar»dagi o‘z debyutini Instagram’da izohlagan Villash-Boash.

 

A post shared by André Villas-Boas (@avbdakar) on

Villash-Boash murabbiylik karerasini «Akademika»da boshlagan va keyinchalik «Portu»ga o‘tgan va bu klub bilan 33 yoshida Yevropa Ligasini yutgan. Keyinchalik portugaliyalik mutaxassis «Chelsi», «Tottenhem»da ishlagan. 2014 yilda «Zenit»ga Luchano Spalletti o‘rniga kelgan.

2016 yil noyabrida u Xitoyning «Shanghay SIPG» klubiga Sven-Goran Eriksson o‘rniga o‘tgan. Xitoy klubida Villash-Boashning maoshi bir yilga 12 million yevroni tashkil etgan. 2017 yil noyabrida u shartnomani cho‘zishni rad etib, «Shanghay SIPG»ni tark etgan.

«Dakar» rallisiga (ilgari «Parij–Dakar» deb atalardi) 1978 yilda asos solingan. 2009 yilgacha poyga Senegal poytaxti Dakarda tugar yo boshlanar edi. Terroristik aktlar tahdidi ostida «Dakar-2008»ning bekor qilinishi bilan bog‘liq mashmashalardan so‘ng musobaqalar nomuayyan muddatga Janubiy Amerikaga o‘tkazilgan edi.

Top