23:18 / 07.02.2018
29953

Ibrat manzili: Mahmud az-Zamaxshariy qanday zot edi?

Foto: Wikipedia

Aksarimizning tabiatimizda erinchoqlik borki, ba'zan erta tongdan uyqu va halovatdan voz kechib, o‘qishga yoki ishga borishga erinamiz, ishlarimizni ko‘ngil xohishi tufayli emas, ichki bir majburiyat yuzasidan bajaramiz. Shunday paytlarda ulug‘ ajdodimiz Mahmud az-Zamaxshariyning hayot yo‘lini bir eslasak, ongimizda soat bong urganday bo‘lsa, ajab emas. Sababi, bu buyuk alloma barchamiz uchun ibratdir.

Mutafakkirning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad bo‘lib, 1075 yil 19 martda Xorazmning katta qishloqlaridan biri – Zamaxsharda tavallud topgan. Otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli kishi bo‘lgan. 

Alloma haqidagi manbalardan ma'lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: “Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi”, – deb yozganlar. Tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatovning yozishicha, u yoshligida baxtsiz hodisa (otdan yiqilib oyog‘i qattiq lat yegani, buning ustiga qahraton sovuq bo‘lgani) tufayli bir oyog‘ini kestirishga majbur bo‘lgan va butun umri davomida yog‘och oyoqda yurgan. Shundan so‘ng otasi uni “Endi og‘ir mehnatga yaramaydi”, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq ilmga havasmand bo‘lgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san'atini ham mukammal egallab, tirikchiligini shu hunar bilan o‘tkazgan. 

Qizig‘i, ulug‘ ajdodimiz garchand jismoniy jihatdan nuqsonli bo‘lsa-da, ilm yo‘lida safar qilishdan erinmagan. Mashhur sharqshunos olim, akademik I.Yu. Krachkovskiyning “Yog‘och oyoqda yurganiga qaramasdan Mahmud az-Zamaxshariy hazratlari o‘ta harakatchanligi bilan ajralib turgan”, deb yozishi ham bejiz emas. U hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda, ikki marta Makkada bo‘lgan. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirgan, zamonning ulug‘ ustozlaridan saboq olgan, ilmiy bahs-munozaralarda ishtirok etgan. Qolaversa, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rganib, bu mintaqa geografiyasiga oid xilma-xil ma'lumotlarni to‘plab, mukammal asarlar yaratgan. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” nomli kitobi hanuzgacha o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. “Asos ul-balog‘a” asari, asosan, lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat ilmidan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak ekanligi bayon etilgan. 

O‘z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan Mahmud az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma asosiy vaqtini o‘shalarga bag‘ishlagan. Shogirdlari ham allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustoz ul-arab val-ajam” (“Arablar va ajamlar ustozi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. U qarindosh-urug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, uylanmagan. Ulug‘ alloma 1144 yil 14 aprelda vafot etgan.

1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304–1377) “Sayohatnoma” asarida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rgani haqida ma'lumot bergan.

Top