19:10 / 13.02.2018
21019
Vizasiz kelgan ilk sayyohlarni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘zi kutib oldi

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yetti mamlakat fuqarolariga nisbatan joriy qilingan erkin rejimdan keyin O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurgan ilk mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. 11 fevral kuni Koreya Respublikasi va Yaponiyadan tashrif buyurgan sayyohlarni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduqahhorovich Abduhakimovning o‘zi kutib oldi. Yaponiya fuqarosi Kuboki Yu va Koreya Respublikasi fuqarosi Kim Shi Xon O‘zbekistonga vizasiz kelgan ilk sayyohlar bo‘lishdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining KUN.UZ'ga xabar berishicha, qo‘mita raisi sayyohlarga milliy suvenirlar va maxsus sovg‘alarni topshirgan.

Aziz Abduhakimov va Koreyadan tashrif buyurgan ilk vizasiz sayyoh
Koreyadan tashrif buyurgan ilk vizasiz sayyoh
Yaponiyadan tashrif buyurgan ilk vizasiz sayyoh

12 fevral kuni esa O‘zbekistonga Turkiyadan ilk "vizasiz" sayyoh tashrif buyurdi, ya'ni u oldindan viza olmay, 30 kun davomida mamlakat hududida sayohat qilish imkoniga ega. Turkiya fuqarosi Umar Avazni ham qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov kutib olib, esdalik sovg‘alari topshirdi va O‘zbekiston bo‘ylab yoqimli sayohat tilab qoldi.

Turkiyadan tashrif buyurgan ilk vizasiz sayyoh

Xuddi shu kuni Isroil davlatining ilk vizasiz fuqarosi ham poytaxtimizga tashrif buyurdi. O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurgan ilk fuqaro Ravvin Xilel Xaimov bo‘ldi. U ham Aziz Abduhakimov tomonidan bayramona ruhda kutib olinib, maxsus sovg‘alarga ega bo‘ldi.

Isroil davlatining ilk vizasiz fuqarosi
Isroil davlatining ilk vizasiz fuqarosi

Sayyohlar o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va samimiyligini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, ularga yaratilayotgan qulayliklar uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Shuningdek, 12 fevral kuni Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston-Koreya biznes doirasi muhokamalarida Koreya bosh vazir o‘rinbosari Kim Dong Yon boshchiligidagi delegatsiya vakillari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurgan ilk fuqarolar qatorida bo‘lgani faxr bilan qayd etildi.

Koreya bosh vazir o‘rinbosari Kim Dong Yon

Turkiyalik ishbilarmonlar ham O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurgan ilk sayyohlar qatorida bo‘lishganini mamnuniyat bilan ta'kidlashdi va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Ta'kidlash joizki, shu yilning 2 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning turistik salohiyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, 2018 yilning 10 fevralidan e'tiboran Turkiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Indoneziya, Singapur va Isroil fuqarolariga 30 kun davomida mamlakat hududida vizasiz harakatlanish imkoni taqdim etiladi. Bundan tashqari, yana ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun viza rejimi soddalashtirildi.

Top