14:51 / 24.02.2018
52646

Avtoga «chiroyli» raqam: 5 ta muammoli vaziyatda undan ayrilib qolmaslik usullari

Foto: KUN.UZ

Mashinaga o‘zi istagan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqamini (keyingi o‘rinlarda – raqam) olish uchun fuqarolar maxsus onlayn-auksionda rekord darajadagi summalarni sarflashmoqda. Bunday investitsiyalar huquqiy nuqtai nazardan xavfsiz yoki yo‘qligiga Norma.uz aniqlik kiritishga harakat qildi.

Eslatib o‘tamiz, raqamlar turiga qarab 3 usulda beriladi:

• «sodda» («oddiy») raqamlar – qat'iy tartib bo‘yicha (raqamlarning o‘sib borish tartibiga muvofiq);
• maxsus ro‘yxatga kiritilgan «chiroyli» raqamlar – maxsus onlayn-auksion orqali (boshlang‘ich narxi EKIHning 35 dan 130 baravarigacha);
• «o‘zingga tuzib ol» turidagi raqamlar (ya'ni «chiroyli» raqamlar ro‘yxatiga kiritilmagan harf va raqamlarning istalgan kombinatsiyasi bilan) – DYHXXning hududiy bo‘linmalariga ariza bo‘yicha oshirilgan stavka bo‘yicha to‘lov bilan (EKIHning 150 baravari).

Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 27-bandida har qanday raqam avtotransport vositasi egasining mulki hisoblanmasdan, ulardan qat'iyan maqsadli foydalanilishi uchun unga taqdim etiladi, deb aniq va tushunarli yozib qo‘yilganini inobatga oling. Ya'ni, katta pul sarflab ham hech kim raqamni o‘z mol-mulkidek erkin tasarruf qilishga haqli emas.

Biroq davlat raqam saqlanishining qator kafolatlarni taqdim etgan.

Mashina sotilganda (hadya qilinganda, almashtirilganda)

Agar avtomobil sotilgan bo‘lsa, uning oldingi va yangi egasi «chiroyli» raqam yoki «o‘zingga tuzib ol» turidagi raqam qay birlarida qolishini hal etib olishlari kerak bo‘ladi. «Sodda» raqamlar mashina bilan birga yangi egasiga o‘tadi yoki yo‘q qilinadi.

«Chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» raqamining oldingi egasi ustuvorlikka ega, ya'ni DYHXXga mazkur raqamni o‘zida saqlab qolish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etishi mumkin. Raqamning oldingi egasi uni boshqa avtoga o‘rnatguniga qadar DYHXX uni o‘zida bepul saqlaydi. Ammo raqam 12 oy ichida talab qilib olinmagan taqdirda oldingi egasining huquqlari bekor qilinadi.

Raqam avtoning oldingi egasi uchun saqlanmagan taqdirda uning yangi egasi raqamni olishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun ham ariza topshirish talab etiladi.

Avto boshqa hududga sotilgan taqdirda, agar uning oldingi egasi raqamni o‘zida saqlab qolish to‘g‘risida ariza topshirmagan bo‘lsa, raqam yangi ro‘yxatdan o‘tkazish joyi bo‘yicha shunchaki yo‘q qilinadi. Ushbu raqam yangi savdolar uchun qaytadan tayyorlanishi mumkin.

Raqam egasi uni boshqa shaxsga sotish (hadya qilish)ni xohlagan taqdirda

«Chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» turidagi raqamni avtomobildan alohida sotish mumkin emas, chunki u har doim davlat mulkida qoladi. Biroq texnik jihatdan raqamning o‘zini yaqin qarindoshlarga alohida berish mumkin. Buning uchun:

1) avtomobilni sotish (hadya qilish, almashtirish);
2) DYHXXga raqamni oldingi egasida saqlab qolish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etish;
3) raqamni yaqin qarindoshga (ota-ona, tug‘ishgan va tutingan aka-uka, opa-singil, er-xotin, farzandlar, shu jumladan, asrab olingan, buva, buvi, nabira, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va tutingan aka-uka va opa-singillari) yoki birgalikdagi mulk huquqiga ega shaxsga (odatda, er yoki xotin) berish iltimosi bilan DYHXXga ariza bilan murojaat etish zarur. Bunda mazkur raqam qaysi avtomobilga o‘rnatilishini ko‘rsatib o‘tish talab etiladi.

Izoh: yuridik shaxsdan «chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» raqamlari faqat quyidagilarga ro‘yxatdan o‘tkaziladigan (o‘tkazilgan) avtotransport vositasiga berilishi mumkin:

• o‘sha yuridik shaxsning nomiga – avtotransport vositasining oldingi egasi tomonidan;
• uning huquqiy vorisi nomiga (nomini o‘zgartirish, birlashtirish, qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish yoki yuridik shaxsni qayta tuzish);
• boshqa yuridik shaxs nomiga – avtoning oldingi egasining ishtirokchisi (muassisi, a'zosi) tomonidan;
• mashinaning oldingi egasi ishtirokchi (muassis, a'zo) bo‘lgan boshqa yuridik shaxs nomiga.

Avto bilan birga «sotish» varianti: Raqam sotuvchisi arzonroq narxdagi avtomobilni sotib oladi, DYHXXga tegishli arizani topshirish yo‘li bilan unga «chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» raqamini o‘rnatadi. Shundan keyin arzon avtomobil qimmatbaho raqam bilan birga sotiladi (hadya qilinadi va h.k). Avtomobilni DYHXXda rasmiylashtirganda transport vositasining yangi egasi raqamni o‘zida saqlab qolish to‘g‘risida ariza topshiradi. So‘ngra, rasmiylashtirilgandan keyin raqamni boshqa avtoga qayta o‘rnatish to‘g‘risida navbatdagi ariza topshiriladi. Yugur-yugur va sarf-xarajatlar ko‘p, ammo bu yo‘l maqsadga eltadi.

Raqamni berish mashina bilan bog‘liq rasmiy bitimlardan «tushirib qoldirilishi» bois, taraflar o‘rtasida oldingi egasi muayyan summa evaziga raqamga bo‘lgan huquqdan voz kechishi to‘g‘risida alohida kelishuv (yoki tilxat) tuzishni tavsiya qilamiz. Bu yerning o‘zida pul avtoning oldingi egasiga topshirilganligi va u qabul qilib olganini ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu har ikkala tarafni majburiyatlar buzilishi xavfidan saqlaydi.

Raqamga ziyon yetganda

«Chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» raqamiga zarar yetgan taqdirda DYHXX hududiy organlari avtotransport vositasining ro‘yxatga olish ma'lumotlari asosida uning dublikati berilishini ta'minlaydi. Dublikatlar DYHXX hududiy organi buyurtmasiga binoan tayyorlanadi. Dublikatlar olingunga qadar davrda ilgari foydalanilgan yaroqli raqamlar tegishli haq undirilmasdan berilishi mumkin.

Dublikat berilganligi uchun «sodda» raqam uchun to‘lovning yarim stavkasini to‘lashga to‘g‘ri keladi. Qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgartirishlarga binoan ushbu taomil 8 kungacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi. 

Raqam o‘g‘irlanganda yoki yo‘qotib qo‘yilganda

Yo‘qotilgan yoki o‘g‘irlangan har qanday, shu jumladan, «chiroyli» va «o‘zingga tuzib ol» raqamlari uchun ularning dublikatlarini berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Faqatgina ularni topib olishlariga umid qilish mumkin. Topilganida – uning egasi arizasiga ko‘ra qaytarishadi.

Mashina o‘g‘irlanganda yoki olib qochilganda ham shunday tartib qo‘llaniladi.

Egasi vafot etganda

Avtomobil egasining vorislari merosga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni (qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma, vasiyatnoma) taqdim etgan taqdirda meros qoldiruvchining «chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» raqamini olishga haqli bo‘ladilar. 

Top