23:00 / 25.02.2018
11766

Nogironligi bo‘lgan insonlar bilan qanday muomala qilish kerak?

Yana Chicherina Foto: KUN.UZ

Nogironligi bo‘lgan insonlar bilan muomala qilishda ba'zi jihatlarga alohida e'tibor qaratish kerak bo‘ladi. Zero siz o‘ylamay yo‘l qo‘ygan xatoingiz tufayli bir insonning ko‘nglini ranjitib qo‘yishingiz mumkin. Ularga achinish bilan qarash - boshqalardan farqli ekaniga ishora qilishdek ko‘rinishi mumkin. Shu bois imkon qadar ular bilan barcha qatori muomala qilganingiz ma'qul.

BMTning nogironligi bo‘lgan odamlar muammolari bo‘yicha qo‘shma dasturi koordinatori Yana Chicherina OAV bilan bo‘lib o‘tgan maxsus treningda nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muomalada rioya qilish kerak bo‘lgan qoidalar bilan tanishtirdi. KUN.UZ muxbiri jamiyatda nogironligi bo‘lgan odamlarga munosabatni o‘zgartirishga yordam beruvchi ushbu qoidalarni siz bilan bo‘lishishga qaror qildi.

1. Nogironligi bo‘lgan inson bilan suhbatlashayotganingizda unga hamrohlik qilayotgan kishi yoki surdotarjimonga emas, bevosita uning o‘ziga murojaat qiling.

2. Sizni nogironligi bo‘lgan inson bilan tanishtirishayotganida uning qo‘lini siqib ko‘rishish tabiiy - hatto qo‘lini harakatlantirishga qiynaluvchi yoki protezdan foydalanuvchi kishilar ham o‘ng yoki chap qo‘lini berib ko‘rishishi mumkin.

3. Ko‘rish qobiliyatida muammolar bo‘lgan kishi bilan uchrashganingizda albatta o‘zingiz bilan kelgan kishilarni tanishtiring. Guruhda umumiy muloqot qilayotgan bo‘lsangiz, ayni damda kimga va kim tomonidan murojaat qilayotganiga aniqlik kiritishni unutmang.

4. Agar yordam taklif qilayotgan bo‘lsangiz, uni qabul qilishlarini kuting, shundan keyingina ishga kirishing.

5. Nogironligi bo‘lgan katta yoshli kishilar bilan katta yoshlilardek muomala qiling. Qolganlarga ism sharifi bilan muomala qilayotgan bo‘lsangiz, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham xuddi shunday murojaat qiling. Hech qachon nogironlik aravachasidan foydalanuvchi kishilarga nisbatan achinish bilan muomala qilmang - ularning qo‘li, boshi yo yelkasiga qo‘lingizni qo‘ymang, kichraytiruvchi yoki erkalatuvchi nomlar bilan murojaat qilmang.

6. Kimningdir nogironlik aravachasiga suyanish yoki osilish - uning egasiga suyanish yo osilishdek gap. Bu esa u insonga yoqmasligi aniq. Nogironlik aravachasi undan foydalanuvchi kishining shaxsiy hududidir.

7. Muomalada qiyinchiliklarni his qiluvchi kishi bilan suhbatlashganingizda uni diqqat bilan tinglang. Sabr-toqatli bo‘ling, inson o‘z so‘zini tugallashini kuting. Uning so‘zlariga tuzatish kiritmang va o‘rniga gapini yakunlamang. Zarurat tug‘ilsa, qisqa javob, imo-ishora yoki harakat talab qiluvchi qisqa savollar bering. Uning gaplarini tushunmayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni xuddi tushunayotgandek tutmang. Nimani tushunganingizni takrorlang, bu u insonning sizga javob berishiga, sizga esa uni tushunishga yordam beradi.

8. Nogironlik aravachasi yoki qo‘ltiqtayoqdan foydalanuvchi kishi bilan suhbatlashayotganingizda uning va sizning ko‘zlaringiz bir-biriga qarama-qarshi joylashuviga e'tibor bering (tepadan pastga qarab gaplashmang).

9. Qulog‘i yaxshi eshitmaydigan inson e'tiborini jalb qilish uchun unga qo‘l silkiting yoki yelkasini qoqing. Uning ko‘zlariga tik boqib, aniq va tushunarli qilib gapiring. Eshitish bilan bog‘liq muammolari bor kishilarning hammasi ham lablarga qarab o‘qiy olmaydi. Ular bilan suhbatlashayotganingizda sizga yorug‘lik tushib turganiga ishonch hosil qiling. Shuningdek gapirayotganingizda sizni ko‘rishga xalaqit beruvchi narsalar (yegulik, sigaret, qo‘llar) bo‘lmasligiga harakat qiling.

10. O‘zingizni bo‘sh qo‘ying. Noto‘g‘ri gapirib qo‘ysangiz, uyalmang, xatoingizni to‘g‘irlashga harakat qiling.

11. Har qanday yordamchi moslama (hassa, nogironlik aravachasi, qo‘ltiqtayoq va b.) - bu kimningdir hurmatga loyiq shaxsiy mulki. Ularni ruxsatsiz olmang va joyini o‘zgartirmang.

12. Insonning nogironligi borligiga emas, uning o‘ziga yoki muhokama qilinayotgan muammoga diqqatingizni qarating.

13. Nima qilishni bilmasangiz, so‘rang. Ko‘pchilik noqulay ahvolda qolgandan ko‘ra savolingizga javob berishni ma'qul ko‘radi.

14. Nogironligi bor insonga qanday murojaat qilish ustida bosh qotirib o‘tirmang. Nogironligi bo‘lgan yo bo‘lmagan insonlarning barchasi o‘z ismiga ega bo‘ladi, axir.

15. Yodingizda bo‘lsin, nogironligi bo‘lgan insonlar ham nogironligi bo‘lmagan insonlar qiziqqan mavzu va syujyetlarga qiziqishadi.

16. Normal tonda va tilda gapiring. Agar kimdir balandroq gapirishngizni istasa, albatta bu haqida so‘raydi.

17. Nogironligi bo‘lgan insonlar ham barcha kabi o‘ziga yoqqan yo yoqmagan, qo‘lidan keladigan va kelmaydigan narsalar haqida biladi.

18. Nogironligi bo‘lgan insonlar ham jamiyat hayotida ishtirok etishni xohlashadi. Sizning yondashuvingiz bunga yordam berishiga ishonch hosil qiling.

19. Etiket bilan bog‘liq boshqa masalalar singari, xatoga yo‘l qo‘yganingizda uzr so‘rang, so‘zlaringizga tuzatish kiriting, o‘zingiz uchun xulosalar qiling va suhbatlashishda davom eting.

 

Top