16:10 / 19.03.2018
15904

NTV telekanalining «Poyedem! Poyedim!» ijodiy guruhi O‘zbekiston haqida ko‘rsatuv tayyorlamoqda

Rossiyaning NTV telekanali orqali namoyish etiladigan «Poyedem, Poyedim!» mashhur sayyohlik shousining navbatdagi soni O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga bag‘ishlanadi. Ijodiy guruh 19-26 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi milliy PR-markazi taklifiga binoan Toshkent shahrida hamda mamlakatning janubiy hududlarida bo‘ladi. Bu haqida Qo‘mita matbuot xizmati KUN.UZ'ga xabar berdi. 

Ta'kidlash joizki, «Poyedem, Poyedim!» kulinar-etnografik ko‘rsatuvi O‘zbekistonga birinchi marta kelishi emas. 2015-2016 yillarda angliyalik teleboshlovchi Jon Uorren ishtirokidagi O‘zbekiston haqidagi lavhalar tomoshabinlarda katta tassurot qoldirgan. Bu safar rossiyalik jurnalistlar O‘zbekistonning "Dunyo bo‘ylab" telekanali ijodiy guruhi bilan birga ishlashmoqda. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Bugunga kelib O‘zbekistonning turistik salohiyati va ayniqsa gastronomik turizm Rossiya va MDH davlatlaridan kelgan sayyohlar orasida o‘sib borayotgan trend hisoblanadi. O‘tgan hafta Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro turistik yarmarkada O‘zbekiston pavilonining muvaffaqiyati shundan dalolat bermoqda. Shu bilan birga, MDH sayyohlarining fikricha, O‘zbekiston eng mashhur gastronomik yo‘nalishlar beshligidan o‘rin oldi, bunda esa, shubhasiz, o‘zbek palovining tutgan o‘rni katta.

O‘zbekiston haqidagi ko‘rsatuvning diqqat markazida aynan shu mavzu bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, mehmonlar o‘z tashrifining birinchi kunida Toshkentda sumalak tayyorlanish jarayonida ishtirok etishdi. Shuningdek tur davomida ular Surxondaryo hamda Qashqadaryoga borishi rejalashtirilgan. Ular Boysun, Fayoztepa, Shahrisabz va Qarshi an'analari hamda taomlari, me'moriy va etnografik yodgorliklarini o‘rganishadi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Rossiya televideniyesida O‘zbekistonning turizm, madaniyat, an'analari va kulinariya san'ati yangi imkoniyatlariga doir hikoyalar, o‘z navbatida mamlakatga keluvchi xorijiy sayyohlar sonining oshishiga sabab bo‘ladi. Ijodiy guruh s'yomkalari bayram sayllari, milliy taomlar festivallari, bellashuvlarga boy umumxalq Navro‘z bayramiga to‘g‘ri kelganini hisobga oladigan bo‘lsak, ko‘rsatuvning navbatdagi soni naqadar yorqin va qiziq bo‘lishini tasavvur qilish mumkin. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

NTV telekanali delegatsiyasi boshlovchi Jon Uorren, prodyuser Yelizaveta Ponamaryova, operator Andrey Vavilenko va postanovkachi-operator Sergey Ashixminlardan iborat. 

Ma'lumot uchun: «Poyedem, Poyedim!» ko‘rsatuvi 2012 yildan boshlab har hafta efirga uzatib boriladi. Bu vaqt ichida ko‘rsatuv ijodiy guruhi Fransiya, Italiya, Norvegiya, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Tatariston, Shantar orollari va ko‘plab boshqa mamlakatlarda bo‘lib qaytishgan. 

Top