13:00 / 19.03.2018
14101

Tojikiston parlamenti vizalar bo‘yicha O‘zbekiston bilan bitimni ratifikatsiya qildi

Foto: Trend.az

Tojikiston parlamentining quyi palatasi bugun Tojikiston va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi fuqarolarning vizasiz safariga oid bitimni tasdiqladi.

Hujjatni ratifikatsiya qilishdan avval Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Nizomiddin Zohidiy deputatlarga ushbu hujjat O‘zbekistonda barcha ichki davlat jarayonlaridan o‘tganini ma'lum qildi.

Tojikiston tomoni, vazir o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, bundan diplomatik kanallar orqali xabardor etilgan. TR parlamentining quyi palatasi spikeri Shukurjon Zuhurov bugunoq O‘zbekistonni hujjat Tojikistonda ichki davlat jarayonlaridan o‘tgani haqida xabardor etish haqida topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro vizasiz safarlariga oid bitim joriy yilning 9 mart kuni Tojikiston va O‘zbekiston prezidenti Imomali Rahmon hamda Shavkat Mirziyoyev tomonidan Dushanbe shahrida imzolangan.

14 mart kuni Shavkat Mirziyoyev 16 martdan boshlab Tojikiston fuqarolari uchun kelishuv amal qilishi to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi. Hujjatga ko‘ra, ikki mamlakat fuqarolari 30 kun ichida davlatlar hududida vizasiz bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, fuqarolar uch ish kuni mobaynida to‘xtagan joyida ro‘yxatdan o‘tishi talab qilinadi. 

Avvalroq O‘zbekiston Tojikiston fuqarolarini mamlakat hududiga vizasiz kirita boshlagani xabar berilgandi.

Top