15:10 / 30.08.2018
21164

Fuqaro pasportini yo‘qotganda yangi pasport qanday muddat ichida berilishi lozim?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi nizom quyidagi mazmundagi 3-bo‘lim bilan to‘ldirildi:

«3. Yo‘qotilgan pasport o‘rniga pasport berish

351. Fuqaro pasportini ehtiyot qilib saqlashi shart.

Pasportini yo‘qotib qo‘ygan fuqaro zudlik bilan doimiy ro‘yxatda turgan joyidagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga xabar berishi lozim, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-taomillar o‘tkazilganidan keyin unga ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda yangi pasport beriladi.

Vaqtincha xorijda bo‘lgan fuqarolar pasportini yo‘qotgan, pasporti yaroqsiz holga kelgan yoki uning amal qilish muddati tugagan hollarda O‘zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasini olish uchun O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasiga murojaat etadilar.

352. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning pasportini yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatini yo‘qotganliklari haqidagi arizalari bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan tegishincha mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalarga muvofiq belgilangan shakldagi ma'lumotnoma beriladi, ma'lumotnomaning orqa tomoniga doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turganligi to‘g‘risida shtamp qo‘yilishi mumkin. Ma'lumotnoma ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi tomonidan beriladi.

Z53. Pasport yo‘qolganligi to‘g‘risidagi arizalar hisobga olish jurnalida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olinadi.

354. Respublikaning boshqa hududlaridan doimiy yashash joyiga kelgan va yangi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingunga qadar pasportini yo‘qotib qo‘ygan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ularning arizalariga ko‘ra ichki ishlar organlari tomonidan pasport yo‘qolgani haqidagi ish ochiladi. Pasportlar fuqaro doimiy yashash maqsadida kelgan joydagi ichki ishlar organlari tomonidan ularni ro‘yxatga qo‘yish asoslari mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi.

Yangi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishga asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda pasport olish to‘g‘risidagi ariza rad etiladi. Bunday hollarda pasport ro‘yxatdan chiqishni bekor qilgan holda fuqaroning oldingi ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi yoki ro‘yxatga qo‘yishga asoslar mavjud bo‘lganda boshqa yangi ro‘yxatdan o‘tish joyidagi ichki ishlar organi tomonidan beriladi.

355. Agarda pasportlari yo‘qolgani haqida ariza bergan fuqarolar pasportlarini topib olsalar, pasport egalarining yozma arizalariga asosan pasport yo‘qolgani haqidagi ish yuritish tugatiladi. Agarda yo‘qolgan pasportlar yangi pasport berilganidan keyin topilgan taqdirda, fuqarolar topilgan pasportlarni zudlik bilan ichki ishlar organlariga topshirishlari lozim.

356. Topilgan pasportlarda oldingi yashash joyidan ro‘yxatdan chiqqanligi haqida shtamplar mavjud bo‘lsa, bunday pasportlar ularni bergan ichki ishlar organlariga yo‘q qilinish uchun yuboriladi.

357. Pasportlar o‘g‘irlangan hollarda bu haqdagi arizalar jinoyat sodir etilgan joydagi yoki fuqaroning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari xodimlari tomonidan qabul qilinadi. Bunday arizalar qabul qilinganligi haqida fuqarolarga ma'lumotnomalar beriladi va ular ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Jazoni ijro etish muassasasida jazoni o‘tab chiqqan va tabiiy ofatlar (yong‘in, suv toshqini, zilzila va boshqalar) oqibatida pasportlari yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat etgan va bu holatlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim etgan shaxslar ham ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Fuqaro pasportini yo‘qotganda pasport yo‘qolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab bir oy ichida yangi pasport mazkur Nizomda belgilangan tartibda beriladi. Zarur hollarda, bu muddat hududiy ichki ishlar organi rahbariyati tomonidan yana bir oyga uzaytirilishi mumkin. Istisno tariqasida, bunday arizalarni ko‘rib chiqish muddati (boshqa ichki ishlar organlaridan javoblar kelmaganda, arizachining kasalligi, uning yashash joyida uzoq muddat bo‘lmaganligi) olti oygacha uzaytirilishi mumkin. Olti oydan ortiq muddatda javob kelmaganida, fuqaroning shaxsi tekshiriladi va undan keyin pasport beriladi.

Ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlaridan ozod etilgan va pasportini yo‘qotgan shaxslarga ma'lumotnoma beriladi. Bunday shaxslarga pasport berish masalalari ularni so‘nggi ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi ichki ishlar organlari tomonidan, agar ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lsalar, ko‘rib chiqiladi.

358. Xorijga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda chiqqan, ammo O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasida konsullik ro‘yxatida turmagan va O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan paytida pasportini yo‘qotib qo‘ygan fuqarolar so‘nggi doimiy ro‘yxatda turgan joylaridagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat etadilar.

Agar arizachining turar joyi bo‘lgan taqdirda, ichki ishlar organlari uni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazadi, turgan joyi bo‘yicha hisobga oladi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga unga pasport rasmiylashtiradi.

Agar arizachini vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uning turar joyi bo‘lmagan taqdirda, ichki ishlar organlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda unga istisno tariqasida pasport rasmiylashtiradilar.

359. Agar fuqaro kelgan davlatida O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi bo‘lmasa, u O‘zbekiston Respublikasining mazkur davlat konsullik okrugiga kiradigan xorijdagi konsullik muassasasiga murojaat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan shaxs pasportini so‘nggi yashash joyidagi ichki ishlar organiga yoki turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi yoxud konsullik muassasasiga topshirishi shart».

Mavzuga oid
Top