15:24 / 01.09.2018
17482
Iqboljon Xoldorov: «Sensatsion natija bilan qaytamiz, deb niyat qilgandik»

Osiyo o‘yinlari chempioniga aylangan bokschi Iqboljon Xoldorov taqdirlash marosimidan so‘ng Kun.uz muxbiriga intervyu berdi.

«Xudoga shukr, boksda hammasi juda chiroyli o‘tdi. Yetti nafar bokschimizdan hammamiz finalga yetib keldik. Bu g‘alabalarimizni prezidentimizga, Mustaqilligimizning 27 yillik bayramiga bag‘ishlaymiz. O‘ylaymanki, bu muvaffaqiyatlarimiz O‘zbekiston bayram uchun yaxshi sovg‘a bo‘ladi. 

Umuman olganda, Osiyo o‘yinlari kichik Olimpiada hisoblanadi. Bu musobaqalarga har bir sportchi katta umidlar, katta mas'uliyat, tayyorgarlik bilan keladi. Ilk janglarimiz oson bo‘lmasligini ham yaxshi bilardik, sababi barcha raqiblar bizni yutaman, deb chiqdi. O‘ylaymanki, tayyorgarlik yaxshi bo‘ldi - 7 nafar sportchidan barchasi finalga chiqdi. Osiyo o‘yinlari bizga dars ham bo‘ldi. Avval ko‘zga ko‘rinmagan sportchilar ham bu yerga kuchli tayyorgarlik bilan kelishini bildik. Mo‘g‘uliston, Filippin, Hindistondan kuchli bokschilar kelibdi. 

Oldindan bizdan qancha bokschi finalga chiqishi haqida o‘ylamagandim. Hamma yutish uchun keladi. Biz bu yerga rekord natija uchun keldik, faqat oltin uchun harakat qildik. Hammamiz chempion bo‘lib, oltin olib, O‘zbekistonga sensatsion natija bilan qaytamiz, deb niyat qilgandik», - deydi Xoldorov.

Mavzu
Osiyo o‘yinlari
18 avgustdan 2 sentyabrgacha Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida XVIII Osiyo O‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Turnirda qit'aning 45 mamlakatidan 10 mingga yaqin sportchi ishtirok etadi. Sportchilar Indoneziyada 40 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.
Barchasi
Top