6 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarida sport raqsi, badiiy gimnastika va sinxron suzish dasturlarida bahslar boshlandi. O‘zbekiston jamoasi uchta oltin medal qo‘lga kiritishga juda yaqin edi, ammo yakunda faqat bitta oltin, ikkita kumush va bitta bronza bilan kifoyalandi.
Slalomda eshkak eshish
Slalomda eshkak eshish bo‘yicha yarimfinal va final bosqichlari o‘tkazildi. Anvar Klevleyev 101.49 soniya natija bilan finalga yo‘l oldi, 105.54 soniya natija qayd etgan Alibek Temurgaliyev esa ishtirokini to‘xtatdi.
Anvar Klevleyev finalda ham kuchli ishtirok etdi, Osiyo o‘yinlari sayti dastlab uni g‘olib sifatida ko‘rsatdi, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi ham u oltin medal qo‘lga kiritgani haqida xabar berdi, ammo keyin barchasi o‘zgarib ketdi.

Hakamlar bellashuv vaqtida mezbon Xitoy vakiliga yozilgan 50 soniyalik jarima ballarini bekor qilishdi va u 98.20 soniya natija bilan Klevleyevdan (98.63) o‘tib ketib, birinchi o‘ringa chiqdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi hakamlarning bu qaroriga apelyatssiya berdi.
Vaziyat videosida ham xitoylik sportchi qizil to‘siqni aylanib o‘tmaganini ko‘rish mumkin edi, ammo hakamlar natijani boshqa o‘zgartirishmadi va Klevleyevning oltin medali tortib olindi.
Og‘ir atletika
Tokio olimpiadasi g‘olibi Akbar Jo‘rayev kutilmaganda oltin ola olmadi. -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 189, siltab ko‘tarishda 228 kg (Osiyo o‘yinlari rekordi) natija qayd etdi, ammo uning bu natijasi (ikki kurash yakuniga ko‘ra 417 kg) faqat kumush uchun yetarli bo‘ldi.

Xitoylik Liu Huanhua dast ko‘tarishda 185 kg natija ko‘rsatgandi, ammo siltab ko‘tarishda 233 kg toshni ko‘tarib, ikki kurash natijasiga ko‘ra (418 kg) Jo‘rayevdan o‘zib ketdi. Shu tariqa, bungacha 102 kg vazn toifasida qatnashgan xitoylik sportchi katta vazndagi ilk ishtirokidayoq rekordlarni yangilagan holda chempion bo‘ldi (uning bu vaqtgacha qayd etgan eng yuqori natijasi 404 kg bo‘lgan), Akbar Jo‘rayev esa shohsupada ko‘z yoshlarini tiya olmadi.













