Iqtisodiyot | 17:50 / 01.09.2018
30492
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodagi eng yirik oyna ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lishi kutilayotgan zavod ishga tushdi 

Joriy yilning may oyida «Jizzax» EIZ hududida Xitoy kompaniyasi ishtirokida boshlangan oyna zavodi qurilishining birinchi bosqichi yakuniga yetdi. Loyihaning birinchi bosqichiga jami 28,9 million AQSh dollar sarflanib, uning umumiy qiymati 110 million AQSh dollarni tashkil etadi. 

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, zavod faoliyatining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi 2019 yilga rejalashtirilgan. Shu tariqa Jizzax oyna zavodi Markaziy Osiyoda ushbu turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonaga aylanadi. 

Shu yilning 29-30 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro investitsion forumda ishtirokchilar ana shu korxona faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Jizzaxning madaniy – tarixiy, turistik va rekratsion-turistik salohiyati  investitsion forum doirasida xorijlik investorlarga ko‘rsatib berilishi rejalashtirilgandi. Ular tadbirning ikkinchi kunida Zomin tumanida bo‘lgan. 

Xalqaro investitsion forum yakunlariga ko‘ra qurilish materiallari, tayyor charm mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarish, uzumchilik va meva-sabzavotni qayta ishlash hamda dori vositalari sohasida Jizzax viloyati hududida bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xorijiy va mahalliy investorlar bilan hamkorlik borasida kelishuvlar imzolandi.​

Mavzuga oid