23:04 / 15.09.2018
19163
Olimlar «Florens» dovulining paydo bo‘lishida odamlarni ayblashdi
Foto: Euronews

Nyu-York shtati universiteti olimlari «Florens» dovuli atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlarining antropogen ajratmalari oqibatida iqlimning o‘zgarishi sababli o‘ta kuchli dovulga aylanganini bildirishdi. Bu haqda Science News nashri yozmoqda.

Tadqiqotchilar dovul kuchi va yog‘ingarchilik miqdorini okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi monitoring tizimi yordamida olingan real atmosfera sharoiti va okean yuzasi harorati asosida taxmin qilishdi.

Olimlar shuningdek, insonlar faoliyati oqibatida yuzaga kelgan iqlimiy o‘zgarishlar bo‘lmagan taqdirda dovulning kuchi qanday bo‘lishi mumkinligini ham aniqlashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, global isish tufayli «Florens» bilan bog‘liq ekstremal yog‘ingarchiliklar miqdori 50 foizga oshgan. Bundan tashqari, dovulning talafot keltirish darajasi eng yuqori toifada saqlanib turishi ham uzoqroq davom etadi, uning quruqlik ustidagi diametri esa 80 kilometrga kengaygan.

Shu yilning iyulida AQShdagi Dartmut kolleji olimlari AQShda 1996 yildan buyon kuzatilayotgan ekstremal yog‘ingarchiliklar sababini aniqlashdi. Ularning ma'lum qilishicha, kuchli jala va qor yog‘ishiga Atlantika okeani o‘rtacha haroratining ko‘tarilishi sabab bo‘layotgan ekan.

Top