15:22 / 04.10.2018
13151

Ko‘p yillik tanaffusdan keyin Dushanbe IEM-1 o‘zbek gazida ishlay boshlaydi

Foto: "Barki Tochik"

Noyabr oyining birinchi kunlariga to‘g‘ri kelgan isitish mavsumi boshlanishi bilan Dushanbe IEM-1 o‘zbek gazida ishlashni boshlaydi, deya xabar beradi Asia-Plus.

«O‘zbek gazini Dushanbe IEM-1 ehtiyojlari uchun yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 10 yildan ortiq muddatga to‘xtatib qo‘yilgan O‘zbekistondan gaz yetkazib berish ishlarining boshlanishi bilan, Dushanbe IEM-1 ishga tushiriladi, u issiqlik bilan birga elektr energiyasini ham ishlab chiqaradi. Bu holda Tojikistonning eng yirik energiya iste'molchisi bo‘lgan Dushanbeda elektr energiyasi sarfi kamayadi», - deya ta'kidlab o‘tdi Tojikiston hukumatidagi manba.

Dushanbe IEM-1’ning umumiy loyiha quvvati 198 MVt. U 1957 yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan. IEMda asosiy yoqilg‘i eksport qilinuvchi tabiiy gazdir, biroq O‘zbekiston Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatganidan so‘ng zaxira yoqilg‘i - mazutdan foydalanish boshlandi.

O‘zbekiston Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatganda, hukumat har yili Dushanbe IEM-1 ehtiyojlari uchun qariyb 30-35 ming tonna mazut sotib olgan.

 

Top