15:50 / 07.10.2018
14447
Andrey Kanchelskis «Navbahor»ning yangi murabbiyi sifatida tanishtirildi

Bugun, 7 oktabr kuni Namangandagi «Markaziy» o‘yingohda Namanganning «Navbahor» klubining yangi bosh murabbiyi etib tayinlangan Andrey Kanchelskisning taqdimot marosimi o‘tkazildi.

«Sports.uz» nashri xabariga ko‘ra, tadbirda Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Bozorov jamoaga yangi bosh murabbiy Andrey Kanchelskisni tanishtirgan va unga to‘n kiydirilgan.

Foto: PCF "Navbahor"

Hozircha «Navbahor» klubi va murabbiy o‘rtasidagi kelishuvning boshqa jihatlari ma'lum emas.

Shuningdek, avvalgi bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovning iste'fosi bo‘yicha izoh berilmagan.

Ayni vaqtda «Navbahor» O‘zbekiston Superligasida ikkinchi bosqichda chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar qatorida bo‘lib, 21 ochko bilan uchinchi o‘rinda joylashgan. Jamoa birinchi o‘rinda ketayotgan «Lokomotiv»dan 6 ochko, ikkinchi o‘rindagi «Paxtakor»dan esa 3 ochko ortda bormoqda.

Ma'lumot uchun, Andrey Kanchelskis 1991-1995 yillarda «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilgan. Murabbiylik faoliyatida «Torpedo ZIL», «Ufa», «Volga NN», «Yurmala» va «Solyaris» klublarini boshqargan.

Foto: PCF "Navbahor"
Top