23:35 / 11.10.2018
11384

Kokorin va Mamayev 2 oyga hibsga olindi

Moskva shahrining Tverskoy sudi «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin va uning ukasi Kirillni, shuningdek, «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamayevni 8 dekabrga qadar hibsda qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni aka-uka Kokorinlar va Mamayev Moskvadagi qahvaxonalardan birida Minpromtorg mulozimi Denis Pak va «NAMI» tashkiloti rahbari Sergey Gaysinni do‘pposlashgan edi. Bu mojarodan biroz oldin esa «Perviy kanal» boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisiga hujum qilishgan. Jabrlanganlar turli tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Bu ish yuzasidan Moskva politsiyasi 213-modda (Bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi ochdi va ishtirokchilarni hibsga oldi. Aybdorlarga 7 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Bu ish yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki mahkamada Aleksandr Kokorin qaramog‘ida kichkina o‘g‘li borligi uchun, suddan o‘zini ozodlikda qoldirishini so‘radi. Pavel Mamayev esa mushtlashuvda ishtirok etmaganini, mojaroni aka-uka Kokorinlar boshlaganini, barcha moddiy va ma'naviy zararni qoplashga tayyorligini aytib, u ham o‘zini ozodlikda qoldirishni so‘radi.

Ammo, prokuror har ikkalasining ijtimoiy xavfli fuqaro ekanini, bundan tashqari, puli va tanishlari orqali guvohlarga ta'sir o‘tkazishi, tergovdan yashirinish ehtimoli borligini inobatga olib, suddan qamoqda qoldirishni so‘radi. Yakunda sud ayblovchining talabini qondirdi.

Top