03:06 / 31.10.2018
57888
Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov nega qamoqqa olindi? - KUN.UZ surishtiruvi

29 oktabr kuni “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumanida hibsga olindi.

Davlat Nazar taxallusi bilan maqolalar yozgan jurnalist Qo‘shko‘pir tumani Ma'muriy ishlar bo‘yicha sud qaroriga ko‘ra 7 sutkaga qamalgan.

25 yoki 27 oktabr kuni Davlatnazar Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumani hokimligida o‘tkazilgan kechki yig‘ilishda qatnashgan. Shundan so‘ng, u uyiga kelmagan.

Ro‘zmetovning turmush o‘rtog‘i Leninza Aliyeva so‘zlariga ko‘ra, bu voqea 25 oktabr, payshanba kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni kechqurun eri uyga kelmagan va Xiva tumanidagi narkologiya dispanseriga olib ketilgan:

“Otam vafot qilgani tufayli, Xiva tumanida ma'rakada edim. Uyga kelsam, hech kim yo‘q, bolalar ham qarovsiz qolgan ekan. Erim ba'zan to‘y, ba'zan xizmat yuzasidan ishxonasida yoki do‘stlarinikida qolar edi. Bu safar ham shunday bo‘lgandir, deb o‘yladim. Telefon qilsam, javob bermadi. Shundan so‘ng, xavotir olib, yarim tunda Qo‘shko‘pir tumani IIBga qo‘ng‘iroq qildim va erimning narkologiya dispanseriga olib ketilganini bildim. Navbatchidan gap nimada ekanini so‘rasam, “xavotir olmang, ertalab qo‘yib yuborishadi”, dedi. Ertasiga erimning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, “men ishdaman, xavotir olma, to‘yda biroz ichgan edim, majlisda sal quyushqondan chiqibman”, deb aytdi”.

Qo‘shko‘pir tumanida o‘tkazilgan kechki yig‘ilishda qatnashgan, tuman ijtimoiy soha bo‘yicha bosh mutaxassisi Doniyor Sadullayev so‘zlariga ko‘ra, voqea 27 oktabr kuni sodir bo‘lgan.

“Shu kuni tuman hokimi Jo‘rabek Rahimov yig‘ilish o‘tkazdi. Unda mahalla raislari, kotiblari, targ‘ibotchilari qatnashdi. Bir mahal Davlatnazar Ro‘zmetov telefonini yuqoriga ko‘tarib (kamerasini ishlatgan holda bo‘lsa kerak), “Yoraman hammasini!” (hammani boplayman) deb kirib ketdi. Uning ichgani, mast ekani sezilib turardi. U ichkarida biroz shovqin-suron ko‘tardi, biroq hech kim bilan tortishmadi, janjal qilmadi. Ichkariga kirib, “Bu ochiq majlismi yoki yopiq majlismi? Men “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri o‘rinbosariman”, dedi. Bu majlisda paxta terimchilariga yog‘ tarqatish masalasi ko‘rilayotgandi. Menimcha, Ro‘zmetov bu yerda o‘qituvchi va shifokorlarni paxtaga chiqarish masalasi ko‘rilayotgan, deb o‘ylagan shekilli. Majlisdan keyin o‘zi ham buni tan oldi. Ammo bu yerda xalq ta'limi bo‘limi yoki tibbiyot birlashmasidan hech kim yo‘q edi. Majlis tugaganidan so‘ng, hammamiz chiqib ketdik. Ro‘zmetov ham biz bilan birga chiqdi. Shundan keyingi voqealardan xabarim yo‘q”.

Majlisdan so‘ng Davlatnazar Ro‘zmetov IIB xodimlari tomonidan Xiva tumanidagi narkologiya dispanseriga olib ketilgan va ertalabgacha ushlab turilib, keyin qo‘yib yuborilgan. Shu kuni u uyiga kelmasdan, to‘g‘ri ishga — Urganch shahriga ketgan.

29 oktabr kuni Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumani IIB xodimlari tomonidan hibsga olingan va sudlangan. Bu haqda Leninza Aliyeva gapirib berdi.

“29 oktabr kuni yana Xivaga — ma'rakaga ketdim. Qaytib kelsam, qo‘shnilar oldimga chiqishdi. Men yo‘g‘imda militsiya xodimlari kelibdi, bizni surishtirishibdi, erimning telefon raqamini so‘rashibdi. Shundan so‘ng, yana xavotir olib, erimga qo‘ng‘iroq qildim. Ammo qo‘ng‘iroqqa erimning hamkasbi Boltaboy javob berdi. “Davlatnazarni sud qilishdi, 15 sutkaga qamashmoqchi edi, zo‘rg‘a 7 sutkaga tushirdik, Urganchga olib ketishdi”, dedi. Keyinchalik bilsam, erim Urganch shahridagi xalqaro matematika olimpiadasini yoritgani borganida, Qo‘shko‘pir tumani IIB xodimlari tomonidan hibsga olingan”.

30 oktabr kuni ertalab, o‘zini Farrux deb tanishtirgan IIB xodimi kelib, Davlatnazar Ro‘zmetovning yonidan chiqqan ish qog‘ozlari, ba'zi bir hujjatlarini va 200 ming so‘m pulini xotini Leninza Aliyevaga berib ketgan. U Ro‘zmetovni Hazorasp tumani qamoqxonasiga olib ketilganini aytgan.

Sudda guvoh sifatida ishtirok etgan Doniyor Sadullayev so‘zlariga ko‘ra, Ro‘zmetov aybiga to‘liq iqror bo‘lib, uzr so‘ragan:

“Ma'muriy sudda qatnashib, ko‘rsatma berdim. Davlatnazar Ro‘zmetov majlisda quyushqondan chiqib ketganini tan olib, uzr so‘radi”.

Davlatnazar Ro‘zmetov ishini yuritgan Qo‘shko‘pir tumani Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyasi Alisher Mametov uning O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi bo‘yicha sudlanganini tasdiqladi. Afsuski, ish vaqti tugagani bois, sud qarorining nusxasini ololmadik.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi mayda bezorlikni, ya'ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikni ko‘zda tutadi. Bu moddaga asosan javobgar shaxslar eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Davlatnazar Ro‘zmetovning tuman hokimligi majlisida qilgan ishlari mayda bezorilik o‘laroq baholanishi mumkindir, biroq, u qattiq jazo — 7 sutkalik qamoq jazosiga mahkum qilinishga loyiqmikan? Buni ma'muriy sud qarorini qo‘lga olganimizdan so‘ng aniqlashga harakat qilamiz.

Nurmuhammad Said,
KUN.UZ maxsus muxbiri

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top