11:17 / 30.11.2018
36040

Musulmon olamining noyob yodgorligini sotmoqchi bo‘lganlar jazoga tortildi. Noyob parcha O‘zbekistonga qaytarildi

Joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tuman sudida sudlanuvchilar A.A., G.Z. Jinoyat kodeksining 132-moddasi (Moddiy-madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) 2-qismi bilan (ko‘p miqdorda zarar yetkazish), 169-modda (O‘g‘irlik) 4-qismi “a” bandi bilan (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish), 28, 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan ayblandilar.

Ma'lumot uchun: ko‘p miqdor – eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lgan miqdor (2018 yil 29 noyabr holatiga 60.819.000 so‘mdan 101.365.000 so‘mgacha);
juda ko‘p miqdor – eng kam oylik ish haqining besh yuz baravari va undan ortiq bo‘lgan miqdor (2018 yil 29 noyabr holatiga 101.365.000 so‘m va undan ortiq).

Jinoyat ishi nimadan iborat edi? 

Aniqlanishicha,  sudlanuvchilar aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxs bilan oldindan kelishilgan va puxta reja asosida 2010 yilda Buxoro viloyati Vobkent tumani, Xayrobod qishlog‘ida joylashgan davlat muhofazasiga olingan moddiy-madaniy meros obekti – “Chashmai Ayub” yodgorlik xazirasini, go‘yoki o‘z hisobidan homiylik qilish – ta'mirlash, obodonlashtirish ishlarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh Boshqarmasidan tegishli loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlagan. Lekin tegishli qonun hujjatlarini buzgan, xususan Madaniyat vazirligining ruxsatnomasini olmagan.  

2011 yilning yoz oylarida Z.G. tomonidan yollangan ishchilar yordamida, yodgorlik peshtoqidagi, nomoddiy madaniy meros obekti hisoblangan koshin bo‘laklariga arab yozuvida bitilgan – “Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: Avvallari sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Bas, endi ularni ziyorat qilaveringlar”. Bu imorat hijriy olti yuz beshinchi yili qad rostlagan”, deya yozilgan bitikdan “605” raqami yozilgan koshin bo‘lagini ko‘chirib, ushbu harakatlari bilan yodgorlikka shikast yetkazgan, uni qayta restavratsiya qilish bahonasida o‘g‘irlik ekanini sezdirmay Toshkent shahriga olib kelgan. Yodgorlik bo‘lagini A.A.ga bergan.

Shundan so‘ng, koshin bo‘lagini turkiyalik (aniqlashni imkoni bo‘lmagan) shaxsga sotish uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasida bort kuzatuvchisi bo‘lib ishlagan I.A. bilan jinoiy til biriktirib qonun hujjatlarini buzib, koshin bo‘lagini mamlakat hududidan olib chiqib ketgan. 

Qonunchilik buzilishiga sabab bo‘lgan xatti-harakat nimalardan iborat, degan haqli savol tug‘iladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustdagi 678-I-sonli “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida” gi Qonunining 8-moddasida “Ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar hamda davlat tomonidan muhofaza ro‘yxatlari va reyestriga kiritilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas”, deb ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, sudlanuvchilar ushbu qilmishni bojxona nazoratini chetlab va bojxona nazoratidan yashirib chet ellik – turkiyalik noma'lum shaxsga yetkazib bergan.

Shundan so‘ng, “Chashmai Ayub” – o‘g‘irlab ketilgan koshin bo‘lagi Germaniya Federativ Respublikasi orqali Buyuk Britaniyaning “Mayfair” galereyasida 2017 yilda sotuvga qo‘yiladi. Bu aniqlangach, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining aralashuvi bilan koshin bo‘lagi respublikaga qaytarilgan. 

Sud tomonidan tayinlangan ekspertiza natijasida koshin bo‘lagi “Chashmai Ayub” yodgorligi peshtoqidagi boshqa koshin bo‘laklari bilan bir butun yaxlitligi qayd etilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Madaniy meros obektining kompleks komissiyaviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, koshin bo‘lagi shartli ravishda 450.000 AQSh dollari deya baholangan. 
Ekspertiza tomonidan inobatga olingan holatlar:

•  Koshin bo‘lagi tavsifi, xususiyati beqiyos ekanligi; 
•  Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan qadimiy sirlangan, qabariqli, nafis va yaxshi saqlanib qolingan tarixiy san'at asari hisoblanishi;
•  Koshin yozuvi “Chashmai Ayub” yodgorligining bunyod etilgan vaqtini aniq isbotlovchi yagona tarixiy dalil ekanligi;
•  Yechib olingan koshin bo‘lagining tarixiy, diniy, badiiy va milliy ma'naviyatimizdagi o‘rni bebaho va bemisl ekanligi.

Bundan tashqari, sud ashyoviy dalil sifatida bir dona to‘pponchani, 17 dona sariq rangli patronlar, bir dona qora stvol moslamasi (glushitel)ni Toshkent shahar IIB ixtiyoriga topshirishni lozim topdi.

Jinoyat oqibatida keltirilgan sarf-xarajatlar A.A.ning yaqin qarindoshlari tomonidan bartaraf etilgan. 

A.A. Jinoyat kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 169-moddasi 4-qismining “a” bandi, 28, 182-moddasi 2-qismining “a” bandidagi jinoyatlarni amalga oshirganligi o‘z isbotini topdi. Shu sababdan 20.020.000 so‘m miqdorida jarima va 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Sudlanuvchi G.Z.ga ham qo‘yilgan ayblar o‘z isbotini topdi. Sud uni Jinoyat kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 169-moddasi 4-qismining “a” bandi bilan aybli deb topdi. Sudlanuvchiga 4.290.000 so‘m miqdorida jarima va 5 yilga ozodlikni cheklash (xalq tilida uy qamog‘i) jazosi tayinlandi. 

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqli ekanligi tushuntirildi.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid
Top