00:19 / 04.12.2018
8605

Kun sanasi: 3 dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan insonlar kuni

3 dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan insonlar kuni. “Ilhom” teatrida bo‘lib o‘tgan mazkur sanaga bag‘ishlangan tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, shuningdek vazirliklar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari qatnashishdi. Tadbir BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) hamda BMT Rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan tashkillashtirildi. 

Xalqaro nogironligi bo‘lgan insonlar kuni har yili nishonlanuvchi sana bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad – siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida bunday insonlarning huquqlarini targ‘ib qilish. Ushbu bayramga 1992 yilda asos solingan bo‘lib, o‘shandan buyon asosiy e'tibor omma tomonidan nogironlarning muammolari tushunilishiga ko‘maklashish hamda bunday insonlarning sha'ni hamda huquqlari qadrlanishi va ularning farovon hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlarni ta'minlab berishga qaratib kelinadi.

YUNISEFning Facebook sahifasida qayd etilishicha, 2018 yilda mazkur sana «Nogironlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuzivlik va tenglikni ta'minlash» shiori ostida nishonlanmoqda. Bunda asosiy e'tibor inklyuziv, adolatli va barqaror rivojlanishni ta'minlash uchun nogiron insonlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratiladi. 

Foto: Kamil Yenikeyev

 “Faollashtirish 2.0” forumi doirasida ijtimoiy jihatdan turlicha nogironligi bo‘lgan insonlar o‘zlari duch kelayotgan muammolar hamda to‘siqlarni qanday yengib o‘tganlari xususida so‘zlashdi. Ta'kidlanishicha, nogironligi bo‘lgan insonlarga teng imkoniyatlar taqdim etilishi ularga o‘z salohiyatlarini to‘laqonli namoyish etishga imkon beradi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Shu kunning o‘zida “Ilhom” teatrida “Biz-inklyuziv” deb nomlanuvchi ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Ushbu ko‘rgazma mutasaddi rahbarlar hamda ommaga nogiron insonlar, xususan, nogiron bolalarning hayotiga nazar solish imkonini beradi. Ko‘rgazma shu yilning oxiriga qadar ochiq.

Top