14:30 / 24.12.2018
21243

Arxeologlar uzunligi 80 kilometrli “Buyuk Baqtriya devori” bo‘lganligini aniqlashdi

Foto: archaeolog.ru

Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San'atshunoslik instituti olimlari eramizdan avvalgi III asrga mansub qadimgi Baqtriyaning shimoliy chegaralarida ko‘chmanchilar hujumidan himoyalanish uchun chegaralarni to‘sib turuvchi yagona mudofaa inshootlari tizimi bo‘lganligini aniqlashdi.   

Rossiya va o‘zbekistonlik mutaxassislar Uzundara qal'asini o‘rganish jarayonida u ulkan mudofaa tizimining bir qismi bo‘lganligini isbotlashdi. 2018 yilgi qazishma ishlari natijasida olimlar qal'aning ichki qo‘rg‘onini to‘liq ochishdi va uning batafsil arxitektura rejasini tuzishdi.

To‘plangan ma'lumotlarga ko‘ra, tog‘lar tabiiy chegara vazifasini o‘tagan, ular orasidagi yo‘llar esa bir-biri bilan yagona tizimga bog‘langan qal'alar orqali nazorat qilingan. Ekspeditsiya ishtirokchilari bu tizimni shartli ravishda "Buyuk Baqtriya devori" deb atashmoqda.

Foto: archaeolog.ru

Olimlarning ta'kidlashlaricha, mudofaa tizimi tog‘lar bo‘ylab Amudaryogacha 80 kilometr masofada bo‘lgan. Qal'alar olov va tutun orqali bir-biri bilan ma'lumot almashgan. 

Baqtriya –Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismi, Janubiy Tojikiston va Surxondaryo viloyati, Amudaryoning o‘rta va quyi qismidagi yerlarni o‘z ichiga olgan. Afg‘oniston shimolidagi Baqtra shahri bu davlatning poytaxti bo‘lgan.

Top