15:23 / 31.12.2018
98871

Tungi navbatchilik majburiymi? O‘zi bundan kimga foyda?

Kun.uz tahririyatiga Toshkent viloyati, Ohangaron shahar hokimi O.Jo‘rayev nomiga yozilgan bildirgi kelib tushdi. Bildirgida shahar hokimligi tomonidan tashkilotlarga 15 dekabrdan 15 yanvargacha navbatchilik tashkil qilish topshirig‘i berilgani va shu topshiriqning 22 dekabrdagi ijrosi shahar hokimligi mas'ullari tomonidan tashkilotlarda tekshirilgani bayon qilingan. Qator tashkilotlarda, masalan, musiqa maktabi, bog‘cha, kollej, g‘aznachilik bo‘linmasi, pensiya jamg‘armasi va h.k.larda, navbatchilik tashkil qilishdagi muammolar aniqlangani bayon qilingan.

Ushbu bildirgi bizni hozirgi maqolani yozishga undadi.

Bayramlar arafasida ko‘plab korxona va tashkilotlarda kunduzgi yoki tungi navbatchiliklar tashkil qilish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad jamoat xavfsizligini saqlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish, o‘z vaqtida bartaraf etish, shuningdek, bu haqda vakolatli idoralarga tezkorlik bilan xabar berish, deya baholanadi.

Shu o‘rinda ko‘pchilikda aynan bayramlar arafasidagi navbatchilik bo‘yicha savollar tug‘iladi. Shunday savollarga qonun doirasida atroflicha javob berishga harakat qilamiz.

Navbatchilikning qanday turlari bor?

Navbatchilikda turadigan xodimlar asosan 3 toifaga bo‘linadi:

1-toifa: shtat jadvalida bevosita u egallab turgan lavozimi «navbatchilik» bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlar. Masalan, aeroportdagi navbatchilar, mehmonxona navbatchisi, navbatchi dispetcherlar va h.k. Bunday hollarda ularning navbatchiligi asosiy ish vaqti sifatida baholanadi va haq to‘lash ham umumiy tartibda amalga oshiriladi.

2-toifa: mehnat shartnomasida ishlab chiqarish zaruriyati hamda u egallab turgan lavozimning xususiyati tufayli asosiy ish vaqtidan tashqari navbatchilikda turish belgilab qo‘yilgan xodimlar. Masalan, bu toifaga shifokorlar yaqqol misol bo‘la oladi.

3-toifa: bu aynan biz ko‘rib chiqayotgan navbatchilik, ya'ni bayram kunlarida jadval asosida «operativ» tashkil etiladigan bir martalik navbatchilikdir. Ushbu toifadagi navbatchilikning yuqoridagi ikkitasidan asosiy farqi shundaki, bunday «operativ navbatchilik»ka jalb qilingan xodimlar o‘zlarining asosiy funksional vazifalarini bajarishmaydi. Ya'ni, bunday navbatchilik vaqtida o‘qituvchi dars bermaydi, shifokor davolamaydi, buxgalterlar hisob-kitob qilmaydi, huquqshunoslar hujjatlarning qonuniyligini tekshirmaydi va h.k. Ular shunchaki idorada ma'lum bir soatni o‘tkazishadi. Yoki kino ko‘rishadi, yoki televizor ko‘rishadi, yoki kitob o‘qishadi va h.k. Xullas, belgilangan vaqtda belgilangan joyda turib berishsa bo‘ldi.

3-toifaning yana bir farqi shundaki, bayramlar arafasida navbatchilikda qoladigan aksariyat xodimlarning mehnat shartnomasida bunday navbatchilikda qolish majburiyati belgilanmagan bo‘ladi. Ya'ni, aslida ular bunday navbatchilikda turishga majbur bo‘lmaydi.

Shu sababli ham ayrim mutaxassislar bayramlar arafasidagi «operativ navbatchilik»ni ish vaqtidan tashqari ish (Mehnat kodeksi 124-modda) deya hisoblashmaydi. Chunki xodim bu vaqtda mehnat shartnomasida o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarmayaptiku, deyishadi. Ularning fikricha, bunday navbatchilik ko‘proq MK 166-moddasiga to‘g‘ri keladi, ya'ni ish beruvchi va mehnat jamoasi manfaatlariga doir vazifalarni bajarish, deya baholanadi.

Navbatchilik tashkil qilishdagi muammolar

Amaliyotdagi eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri bayram kunlaridagi navbatchiliklar hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan tashkil qilinadi. Ya'ni, ish beruvchining buyrug‘i (farmoyishi) chiqarilmasdan, shunchaki og‘zaki ko‘rsatma bilan belgilanadi. Nari borsa navbatchilik jadvali tashkil qilinib, uning tepasiga «tasdiqlayman» deya, rahbar imzo va muhr qo‘yadi, bo‘ldi. Lekin bu navbatchilik tashkil qilish va unga tegishli tartibda haq to‘lash uchun asos bo‘lolmaydi. Shu sababli deyarli barcha holatlarda bunday «operativ navbatchilik» uchun xodimlarga hech qanday haq to‘lanmay kelinmoqda. Nari borsa, ularga navbatchilikning ertasi kuni ishga chiqmaslik yoki kechikibroq ishga chiqishga ruxsat beriladi, xolos. Biroq bu mutlaqo noto‘g‘ri.

Bundan tashqari mabodo navbatchilik vaqtida xodimlar turli ko‘ngilsizliklar tufayli tan jarohati olsa yoki vafot etsa, mehnat muhofazasi masalasida ham muammolar yuzaga keladi. Ish beruvchining hech qanday rasmiy buyrug‘i bo‘lmagandan keyin, unga kelgusida tovon puli to‘lashdan osongina bosh tortish mumkin bo‘ladi. Boshqacha aytganda, «xodimga hech kim navbatchilikka tur, deb aytmagandi, hayronman o‘sha kuni nima qilib yurgan ekan» deyishlari ham ehtimoldan xoli emas.

Har ikki holatda ham bayram kunlaridagi navbatchiliklar xodimlarning huquq va manfaatlarini so‘roq ostiga qo‘yadi.

Qonunchilik nima deydi?

Mehnat kodeksida navbatchilik haqida hech qanday qoida belgilanmagan. Shu sababli, navbatchilik tartibi faqat lokal hujjatlar bilan belgilanadi. Ammo amaliyotda ko‘p guvohi bo‘lamizki, bayramlar kunlaridagi navbatchilikni tashkil qilish tartibi va unga to‘lanadigan ish haqi birorta hujjatda qayd etilmagan bo‘ladi. Shunchaki og‘zaki topshiriq yoki ish beruvchining ko‘rsatmasi asosida tashkil etiladi.

Xodimning roziligi kerakmi?

Yuqorida aytganimizdek, bayram kunlaridagi navbatchilikda turish odatda xodimlarning mehnat shartnomasida ko‘rsatilmaydi va ularning majburiyatlari ham hisoblanmaydi. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, bayram kunlaridagi navbatchilikda turishga faqat xodimning roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi. Agar xodim rozilik bermasa, unda xodimni ish vaqtidan tashqari (tunda, bayram va dam olish kunlarida) navbatchilikka jalb etish mumkin emas.

Navbatchilikka jalb etilgan xodimga qanday haq to‘lanadi?

Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.

Yana shunday qoida ham borki, xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda «otgul» berilishi ham mumkin. Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanishi lozim.

Masalan: ta'lim muassasasi pedagog xodimi 30 dekabrdan 31 dekabrga o‘tar kechasi – soat 22-00dan 6-00ga qadar navbatchilikda bo‘ldi. Aytaylik, 11 yanvar kuni shu xodimning asosiy ishi vaqtida oilaviy tadbiri bor. Mana shu holatda xodimning xohishi bilan o‘tagan tungi navbatchiligi vaqti hisobidan 11 dekabr kuni ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi mumkin. Va bu holatda xodimga 30 dekabrdagi tungi navbatchiligi uchun 1 hissa ish haqi to‘lanadi. Agar u «otgul» olishni istamasa, unda navbatchiligi uchun kamida 2 hissa haq to‘lanishi shart.

Ish vaqtidan tashqari navbatchilikka jalb etish mumkin bo‘lmagan holatlar bormi?

Albatta bor.

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar (xodimlar);

- ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lgan xodimlar;

- mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda band xodimlar tungi ishlarga va ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Navbatchilik turlari va ularga haq to‘lash miqdorlari haqida

1-variant: ish kunida va ish vaqti davomidagi navbatchilik (masalan, juma kuni soat 09:00dan soat 18:00gacha) – bunda xodimga odatdagi tartibda ish haqi to‘lanadi;

2-variant: dam olish kunlari (shanba, yakshanba, bayram kunlari) kunduz kundagi navbatchilik – bunda xodimga kamida ikki hissa miqdorda haq to‘lanadi, yoki xodimning xohishiga qarab bir hissa haq va boshqa ish kuni uchun otgul beriladi.

3-variant: ish kuni va dam olish kuni tundagi navbatchilik - bunda ham xodimga kamida ikki hissa miqdorda haq to‘lanadi yoki xodimning xohishiga qarab bir hissa haq va boshqa ish kuni uchun otgul beriladi.

Ma'lumot uchun: Mehnat kodeksining 122-moddasiga binoan, soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt, deb hisoblanadi.

Navbatchilik o‘zi nimaga kerak?

Meni doim shu savol o‘ylantiradi. Bayram kunlaridagi navbatchiliklar, ayniqsa tungi vaqtda qaysidir xodimning ishxonada yotib qolishidan kimga nima naf? Aytaylik, navbatchilik MK 166-moddasiga ko‘ra, bu ish beruvchi va mehnat jamoasi manfaatlariga doir vazifalarni bajarish hisoblanadi, shuning uchun noqonuniy emas, deb tasavvur qilaylik.Unda savol tug‘iladi: tunda bitta xodimining korxonada tunab qolishidan ish beruvchiga nima foyda? Mehnat jamoasigachi? Ularning qanday manfaatlari bor bu yerda?

«Xavfsizlik», deysizmi? Unda o‘sha korxonadagi qorovul yoki ichki ishlar organlarining qo‘riqlash xizmati xodimlari nima qilib o‘tiribdi? Ular nima uchun maosh olishmoqda? Qo‘riqlash uchunmi? Maktab qorovuli bo‘la turib, matematika o‘qituvchisining maktabda tunashi qay darajada mantiqqa to‘g‘ri keladi?

«Favqulodda holatlar», deysizmi? Xo‘sh, favqulodda vaziyatlarda, aytaylik, yong‘in yoki zilzila payti matematika o‘qituvchisi nima qilib bera oladi? Nari borsa, 101 raqamiga telefon qilishi mumkin. Shu ishni tashkilot qorovuli qilsa bo‘lmaydimi?

«Bosqinchilikning oldini oladi», deysizmi? O‘zingizga ham bu variant kulgili eshitilmayaptimi? Navbatchilikda qolgan xodimlar qurollangan bo‘lsa ham mayli ekan. Ular janjal-to‘polon payti nima ham qila olardi?

Mening o‘ta shaxsiy fikrim quyidagicha:

tashkilot xodimlarining bayram kunlari tunda navbatchilik uchun ishxonada tunab qolishi agar yong‘in bo‘lsa, qurbonlar sonining bittaga ortishiga, agar terrorist yoki bosqinchilar hujum qilsa, garovdagilar yoki murdalar sonining bittaga ko‘payishiga, agar boshqa ko‘ngilsiz holatlar bo‘lsa ham, jabrlanuvchilar soni ko‘proq bo‘lishiga olib keladi, xolos. Navbatchilikning foydasi haqida gap ketganda esa, jo‘yali sabab sanab bera olmayman. Yana ham kim bilsin.

Mabodo «navbatchilik kerak, busiz umuman iloji yo‘q» deyilgan taqdirda ham, buning qonuniy asosini yaratish, ya'ni Mehnat kodeksida aks ettirish, shuningdek, ish beruvchining qat'iy buyrug‘i asosida xodimlarga moddiy va ma'naviy zarar yetmaydigan qilib tashkil etish lozim.

Yangi yil kechasi hamma oila davrasida bayramni nishonlayotgan bir paytda, yangi yilni navbatchilik tufayli ishxonasida tunab qolish bilan o‘tkazayotgan va eng muhimi - asosiy vazifasi tashkilotni qo‘riqlash emas, balki umuman boshqa ish bo‘lgan yuzlab xodimlarni ko‘z oldingizga keltiring va o‘zingiz uchun xulosa qiling: shu adolatdanmi?

Bayramingiz bilan!

Xushnudbek Xudayberdiyev, huquqshunos

Top