8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

18:39 / 14.01.2019 20896

Xorazmda Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori ijrosi nega to‘liq bajarilmayapti?

Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyatida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushdi. Murojaat hozirda juda katta va asosiy muammolardan biri bo‘lib qolayotgan Vazirlar Mahkamasining 97-sonli «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash» to‘g‘risidagi qarorining to‘liq ijro etilmayotgani xususida edi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Xamdam Bekchanovning muammosini joyiga borib o‘rgandik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ma'lum bo‘lishicha, Urganch shahar hokimining 2011 yil 8 avgustdagi qaroriga asosan, X.Bekchanovga tegishli bo‘lgan, Urganch shahri, «Tinchlik» ko‘chasi, 6-manzilda joylashgan 1783,42 kv.m maydondan iborat noturar joy binosi aloqa kolleji qurish uchun buzib tashlangan. Evaziga «E.Rahim» ko‘chasidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun 420 kv.m yer uchastkasi ajratib berilgan va majburiyatning bir qismi bajarilgan.

Urganch shahar hokimining 2011 yil 12 yanvardagi qaroriga ko‘ra, buzib olingan noturar joy binosi uchun Urganch shahar «Sanoatchilar» ko‘chasidan 1200 kv.m va 583,42 kv.m yer maydoni ajratib berilgan. Biroq fuqaro buni rad etgan. Chunki, uning buzilgan noturar joy binosi shahardagi eng markaziy nuqtada joylashgan edi. Taklif etilayotgan hudud esa chetroqda joylashgan. Tabiiyki, fuqaro bunga rozi bo‘lmagan va bu qarorlar bekor qilingan.

Keyinroq fuqaroga hokimning yangi qarori bilan yangi yer maydoni ajratilgan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 9 oktyabrdagi «Xorazm viloyatida umumta'lim maktablari o‘quvchi yoshlari o‘rtasida «Umid nihollari-2015» respublika sport musobaqalari final bosqichini yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida»gi bayonnoma ijrosini ta'minlash maqsadida shu hududda joylashgan kollej yo‘li loyihasi o‘zgartirilgan. Buning natijasida X.Bekchanovga berilgan hudud 144 kv.m ga qisqartirilgan.

Hozirda X.Bekchanovga ikkita joydan yer maydoni taklif etilgan. Taklif etilgan hududlarni borib ko‘zdan kechirdik. Biri qabristonga yaqin hududda joylashgan. Ma'lumki, Xorazm viloyatining aksar hududlarida yer osti suvlari tuproqning yuqori qatlamiga yaqin. Shu sababli qabrlar do‘ppaytirib quriladi. Fuqaroning aytishicha, yoz oylarida buning natijasida atrofga noxush hid tarqaydi. Ikkinchi hudud esa juda ichkarida joylashgan. Kirish yo‘llari ham talabga javob bermaydi. Murojaatchi ko‘zlagan sohasida tadbirkorlik qilishga noqulay joy deb hisoblaydi.

Muammoni to‘liq o‘rganish maqsadida izoh olish uchun shahar hokimiyatiga bordik va Urganch shahar hokimi Shuxrat Abdullayevning qabulida bo‘ldik. Hokim bu masala yuzasidan o‘z izohini berdi. Muammo tez orada ijobiy hal etilishini va'da qildi. Biz esa vaziyat o‘zgarishini kutamiz.

Qayd etish kerakki, bunday holatlar borgan sari ko‘p uchramoqda. Ochiq aytish kerak, 97-sonli qaror ijrosi joylarda belgilanganidek ijro etilmayapti. Tartibiga esa deyarli rioya qilinmay kelinmoqda. 

Qarorga ko‘ra, fuqaroning ko‘chmas mol-mulki davlat ixtiyoriga olib qo‘yilishidan avval u bilan kelishuv bitimi imzolanishi kerak. Shunga ko‘ra, hokimiyat tomonidan mulki olingan fuqaroga yetkazilgan zarar qoplab berilishi kerakmasmidi? Qarorda olingan ko‘chmas mulki joylashgan hududga teng barobar hududdan joy ajratilishi belgilanmaganmidi? 

Nega hokimlar ba'zi holatlarda bu talablarni chetga surib qo‘ymoqda? Nega ba'zi holatlarda mulk buzib tashlanganidan keyin qaror talablari sekin-astalik bilan bajarilmoqda? Yoki umuman bajarilmaydi? Qaror yaxshi ishlab chiqilgan, e'tiroz yo‘q. Unda kerak bo‘lsa, tafovutini ham to‘lash ko‘rsatilgan. X.Bekchanov bilan bog‘liq vaziyatda esa tadbirkorga hatto kompensatsiya ham yetarli darajada berilmagan.

Qonunchilik nazoratini amalga oshiruvchi tashkilotlardan mazkur qaror ijrosi tuliq amalga oshirilishida tashabbus ko‘rsatishlarini so‘raymiz. Qonunchilik tashabbusiga ega tashkilotlardan esa mazkur muammolarga kelajakda to‘liq realizatsiya qilish mumkin bo‘lgan muqobil yechim berishni kutib qolamiz.

Zafarbek Solijonov muxbir,
Sherzod Egamberdiyev tasvirchi

Top