13:33 / 24.01.2019
7550

Firibgarlik qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Bugun jamiyatimizda shunday insonlar paydo bo‘lmoqdaki, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, ularni aldab o‘zlarining qabih maqsadlarini amalga oshirmoqdalar. Lekin har qanday qilmish jazosiz qolmaydi. Ana shunday firibgarlardan biriga sud hukmi o‘qildi.

2018 yil 18 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida raislik qiluvchi sudya F.Turaxo‘jayev boshchiligida fuqaro I.D.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, hukm o‘qildi.

I. D. 2017 yil 27 dekabr kuni o‘zganing mulkini aldash va ishonchini suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, R. Q.ga Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida qo‘rilayotgan namunali uylardan birini olib berishni va'da qilib, uning ishonchiga kiradi. Dastlab Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, Yangiobod ko‘chasida 6 000 AQSh dollari, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tumani, Feruza massivi, 7-uy, 1-xonadonda 2 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bankining 2017 yil 27 dekabrdagi ma'lumotga ko‘ra, 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 8.120 so‘m 07 tiyinni, 8.400 AQSh dollari 68.208.588 so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, I. D. takroran, 2018 yil 20 fevral kuni «Olx.uz» saytiga investitsiya berish to‘g‘risida e'lon berib, mazkur e'lon orqali fuqaro Yu. F. bilan tanishib oladi. Shundan so‘ng firibgar Qozog‘iston Respublikasidagi investor tanishlari orqali unga investitsiya olib kirib berishni va'da qilib, faqat buning uchun olinadigan investitsiya pulining 10 foizini sug‘urta sifatida to‘lash lozimligini aytadi. 

F.Yu.dan 1 030 AQSh dollari olib, 72 soat ichida uning «Webmoney»dagi hisob raqamiga umumiy miqdorda 65 000 AQSh dollari kelib tushishini va'da berib, o‘z va'dasini bajarmasdan F.Yu.dan olgan 1 030 AQSh dollarini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Shundan so‘ng I.D. tanishi B.A. ga uy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelayotganligini aytadi. B.A. tanishi Q.R. arzon va sifatli ta'mirlangan uy xarid qilib olmoqchiligini hamda bu masalada yordam berishini iltimos qiladi. Keyin Q.R. bilan telefon orqali gaplashib, uning uyiga boradi hamda unga bir tanishini uyi borligini, tanishi uyini sotmoqchi bo‘lganligini aytadi va unga Mirobod tumani, 8 mart ko‘chasidagi uylarni birini ko‘rsatadi. Uy Q.R. ga yoqmaganligi sabab Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, Yangiobod ko‘chasida namunali qurilayotgan uylardan biri sotilishini bilib, Q.R.ni o‘sha uyga olib borib ko‘rsatadi. Uyning ichki pol qismi bitmaganligini aytib, Q.R.ga bu uyning pol qismini uni xarid qilib olgan fuqarolar o‘zi xohlaganidek qildirib olishi mumkinligini aytib, uyning narxi jami 35 000 AQSh dollari miqdorida ekanligini ma'lum qiladi. 

Shundan so‘ng agarda uy yoqqan bo‘lsa, pol qismini ta'mirlatishga boshlang‘ich to‘lov va garov sifatida sotilib ketmasligi uchun 6 000 AQSh dollari miqdoridagi pulni Q.R.dan oladi. Q.R.ning fuqarolik pasportini ham olib, uyni uning nomiga rasmiylashtirish uchun hujjatlarni to‘plashini aytadi. Shundan so‘ng D.I. 2017 yil 27 dekabr kuni Q.R.ning uyiga kelib, yana garov sifatida 2 400 AQSh dollari miqdoridagi pulni olib o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Aldanib qolgan fuqarolar firibgar ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishadi. Tez orada firibgarlikni odat qilgan, o‘zgalarning ishonchiga kirib, ularni aldash yo‘li bilan kun ko‘rayotgan bu shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochiladi.

Firibgarlikni o‘ziga kasb qilgan I.D. O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismi «a,b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga shu moddaga asosan JK 57-moddasini qo‘llagan holda 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top