16:11 / 08.02.2019
69263
1 apreldan ichki ishlar organlari bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi mumkin
Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi xizmatlarni ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 apreldan quyidagi tartib joriy etilishi mumkin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ichki ishlar organlarining patrul-post, yo‘l-harakati xavfsizligi, profilaktika va xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalarini tashkil etishga haqli;

tadbirkorlik sub'yektlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari bilan shartnomaviy-huquqiy asosda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun xo‘jalik mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ichki ishlar organlari bo‘linmalari shtatlarini tashkil etishga haqli;

ichki ishlar organlarining davlat yo‘l harakati xavfsizlik xizmatiga yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnoma asosida haq evaziga ularning avtotransport vositalarini kuzatib borish xizmatini ko‘rsatish vakolati beriladi.

Belgilanishicha:

mahalliy budjet yoki xo‘jalik hisobidan moliyalashtiriladigan ichki ishlar bo‘limlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;

mahalliy budjet yoki xo‘jalik hisobidan moliyalashtiriladigan ichki ishlar bo‘limlari o‘z faoliyatida ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat'iy amal qiladi;

mahalliy budjet yoki xo‘jalik hisobidan moliyalashtiriladigan ichki ishlar bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baholash tegishincha ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;
mahalliy budjet yoki xo‘jalik hisobidan ushbu qaror bilan ko‘zda tutilmagan ichki ishlar bo‘limlarini tashkil etish taqiqlanadi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi xizmatlarni mahalliy hamda xo‘jalik hisobidan amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Top