10:20 / 14.02.2019
13472

«O‘zatom» rahbari Energetika vazirining birinchi o‘rinbosariga aylandi, AES direksiyasiga direktor tayinlandi

Foto: O‘zatom agentligi

«O‘zatom» agentligi rahbari Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi bosh direktori lavozimini saqlab qolgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov 1979 yilda tug‘ilgan, 2001 yilda «Umid» jamg‘armasi yo‘llanmasi bo‘yicha Alabama universitetini (AQSh), 2005 yilda esa Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan.

U Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish bo‘yicha Axborot-tahliliy departamenti rahbari lavozimida ishlagan. «O‘zkimyosanoat» boshqaruv raisi o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018 yilning iyunidan «O‘zatom» agentligini boshqarib kelmoqda.

O‘zbekiston Energetika vazirligi prezidentning 1 fevraldagi qarori asosida tashkil etilgandi. Vazirlik yoqilg‘i-energetika kompleksi faoliyatini tashkil etish va boshqarish masalalariga javobgar hisoblanadi. Vazirlikka bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Alisher Sultonov rahbar etib tayinlangan.

Bundan tashqari, Otabek To‘lqinovich Amanov Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligining Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi direktori etib tayinlangan. Otabek Amanov 2018 yildan buyon «O‘ztransgaz» Aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining kapital qurilish va ta'minot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Top