8460.92 USD +2.76

9439 EUR -62.05

131.06 RUB +1.32

10760.6 GBP -234.16

19:58 / 18.02.2019 51708

«Agar vaqtliroq yordam berilsa ham tirik qolmas edi». Jamshid Kenjayev ishida tez tibbiy yordam xodimi tinglandi

2019 yil 21 yanvar kuni boshlangan Jamshid Kenjayev ishi bilan bog‘liq sud jarayoni davom etmoqda. Bugun, 18 fevral kuni bu sud jarayonida voqea guvohi sifatida navbatdagi tibbiyot xodimi Aynura Ishmanova tinglandi.

«O‘sha kuni bizga ajratilgan mashinada qo‘ng‘iroq qilingan joyga yetib bordik. Voqea joyiga yetib borganimizda odam ko‘p edi. Bitta odam qonga belanib yotardi. Ko‘p joyidan pichoqlangan edi. Boshidan zarba yegan edi. Qon ketishini to‘xtatish uchun sonidan bog‘langan ekan. Qon bosimi tushib ketgani sababli ukol qildik. Keyin boshini sterillangan bint bilan bog‘ladik. Tez yordam mashinasi bilan 17-shifoxonaga yetkazib bordik.

Aynura Ishmanova

Taxminan 7-8 daqiqada voqea joyiga yetib borganmiz. Yaradordan qaysi joyi og‘riyotganini so‘raganimda oyog‘i og‘riyotganini aytgandi. Chala hushda edi. Shifoxonaga olib borishimiz bilan reanimatsiyaga olib kirib ketishdi», deya tibbiyot xodimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shundan so‘ng, davlat ayblovchisi o‘z savollarini berdi. Uning ortidan esa guvohga marhumning turmush o‘rtog‘i, jabrlanuvchi o‘z savolini berdi.

«Agar vaqtida olib borilganda ham turmush o‘rtog‘imni hayotini saqlab qolish mumkinmidi?» deya bergan savoliga guvoh «yo‘q» deya javob qaytardi. Bu javob esa ayblanuvchilarning advokatlari tomonidan e'tirozlarga sabab bo‘ldi.

Sud majlisi 21 fevral, payshanba kuni soat 11:00ga qadar qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 8 avgustidan 9 avgustiga o‘tar kechasi, taxminan, soat 00:25 lar atrofida Yunusobod tumanida joylashgan «Aurum 898» tungi klubi oldida yuzaga kelgan pichoqbozlik vaqtida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi 25 yoshli Jamshid Kenjayev halok bo‘lgandi.

Ushbu fojia internetda katta rezonans keltirib chiqardi, tungi klub yopib qo‘yildi.

Jamshid Kenjayevning o‘limida ayblanib, tungi klubning to‘rt nafar qo‘riqchisi qamoqqa olingan, 9 avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Shodali Qilichovga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Yanvar oyi oxirida boshlangan sud ishida sudlanuvchilar Shodali Qilichov, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamrayev va Jahongir Yorqulovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Top