12:22 / 06.03.2019
9596

O‘zbekistonda hukumat a'zolarini ma'qullash tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas'uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi 522–II-sonli Qonuniga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

quyidagi mazmundagi 22-1-modda bilan to‘ldirildi:

«22-1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma'qullash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzod u mas'ul qo‘mita, fraksiyalar va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma'qullanayotganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri ko‘rib chiqish va ma'qullash uchun yangi nomzodni kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a'zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi»;

quyidagi mazmundagi 32-2-modda bilan to‘ldirildi:

«32-2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hukumat a'zolari bilan birgalikda har chorakda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Qonunchilik palatasining fraksiyalari, deputatlar guruhlari, qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda Qonunchilik palatasining majlisida majburiy ravishda va har tomonlama muhokama qilinishi lozim bo‘lgan fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi.

Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturini bajarish bo‘yicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qonunchilik palatasi qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi».

Top