17:31 / 14.03.2019
4575
Alisher Sultonov Air Producs vakillarini qabul qildi, texnik gaz ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona yaratishga kelishildi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov AQShning «AirProducs» korporatsiyasi prezidenti janob Seyfi Gasemi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Energetika vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi. 

Uchrashuv doirasida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati va «AirProducs» korporatsiyasi o‘rtasida 450 million dollar qiymatgacha bo‘lgan “Texnik gaz ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish shartlari bo‘yicha bitim"  va “Tabiiy gazdan geliy ishlab chiqarishni tashkillashtirish imkonini o‘rganishga doir Anglashuv memorandumi" to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ta'kidlash joizki, «Air Producs» bilan hamkorlik doirasida «metanol v olefinlar» (MTO) texnologiyasi asosida tabiiy gazni mukammal qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish va shu asosda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama etilmoqda.

«Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, rasmiy shaxslar bilan ilk marta bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan kelishuvlar imzolangunga qadar juda qisqa vaqt sarflandi va kompaniyamiz tarixida bunday voqea birinchi marta yuz berib turibdi. Bu, albatta, ishchi guruhlarimizning o‘zaro hamkorlikda faol ishlaganidan dalolat beradi. «Air Rroducs» dunyoning 50 ta mamlakati bilan hamkorlik qiladi, biroq u o‘z tarixida hamkorlik munosabatlarini bu darajada tez va shiddatli rivojlanishiga ilk marta guvoh bo‘lib turibdi», - deya  ta'kidladi Seyfi Gasemi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Amerika korporatsiyasi rahbari Toshkentda bo‘lib turgan «Air Rroducs» delegatsiyasidan kompaniya oliy rahbariyatining deyarli butun tarkibi joy olganligini, bu esa tomonlar o‘rtasida turgan barcha masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynashini ham alohida qayd etib o‘tdi.

Uning  aytishicha, Amerika korporatsiyasi ayni vaqtda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishning beshta yo‘nalishini belgilab olgan. Ulardan birinchisi, uchrashuv doirasida imzolangan kelishuvga muvofiq sanoat gazi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishdir. Bu borada geliy ishlab chiqarish loyihasi, ammiak va  karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurish loyihalari o‘rganilmoqda, shuningdek,  "metanol va olefinlar" texnologiyasi bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rilmoqda. Korporatsiya mazkur loyihani dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirgan.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

«Qisqa qilib aytganda, hamkorlik yuzasidan aniq loyihalarimiz bor va ularni ro‘yobga chiqarish uchun hamkorlikda ish olib boramiz. Biz bunga tayyormiz, istiqbol sari harakat qilishga istagimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli», - dedi kompaniya rahbari.

1940 yilda tashkil etilgan «Air Rroducs» korporatsiyasi  gaz ishlab chiqarish va gazni qayta ishlash, neft-gazni qayta ishlovchi, metallurgiya, elektr texnika uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha  dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

«Air Producs» kompaniyasining fikricha, O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishning hozirgi bosqichida neft-gaz va neft-kimyo sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga, ayniqsa, uglevodorod xomashyosi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratayotganligi bilan ham xorijlik sarmoyadorlar e'tiborini tortmoqda. 

Top