O‘zbekiston | 21:50 / 18.05.2023
49289
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sultonov prezident maslahatchisi etib tayinlandi

U 2022 yil aprelida energetika vaziri lavozimidan ozod etilgandi.

Foto: Kun.uz

Alisher Saidabbasovich Sultonov prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan. Bu haqda prezident administratsiyasiga aloqador manbalar xabar bermoqda.

«Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, Alisher Sultonov 19 may kuni Toshkentda ish boshlaydigan uchinchi Xalqaro energetika konferensiyasi doirasida «O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksini (yonilg‘i-energetika kompleksi) dinamik geosiyosiy va geoiqtisodiy voqeliklar sharoitida strategik rejalashtirish» panel sessiyasida prezident maslahatchisi sifatida ishtirok etadi.

Alisher Sultonov 1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

2013−2015 yillarda «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari bo‘lgan, 2015 yil avgustidan 2018 yil sentabriga qadar «O‘zbekneftgaz»ga rahbarlik qilgan, 2017 yil noyabridan Bosh vazir o‘rinbosari — Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 

2019 yil fevralida O‘zbekistonda energetika sohasidagi yagona davlat siyosatini o‘rnatuvchi yangi vazirlik tashkil etilib, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘zbekneftgaz» AJ, «O‘zbekgidroenergo» AJdan davlat-hokimiyat vakolatlari mazkur vazirlikka o‘tkazilgan, prezident Alisher Sultonovni yangi vazirlikning birinchi rahbari etib tayinlagandi.

2022 yil aprelida u prezident farmoniga asosan, salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan energetika vaziri lavozimidan ozod etilgandi. Shundan keyin u faoliyatini qaysi ishda davom ettirayotgani ma’lum qilinmagandi.

Ayni vaqtda prezident saytining Prezident Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati bo‘limida prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi haqida ma’lumot ko‘rsatilmagan.

Mavzuga oid