8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

16:42 / 14.03.2019 13387

Emeri halokat yoqasida, ruslar yoki ispanlar? Yevropa Ligasida yana 8ta o‘yin

Foto AFP

Bugun, 14 mart oqshomida Yevropa Ligasining 1/8 finali doirasida 8ta juftlik javob uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Lyakazett uchun amnistiya
«Arsenal» – «Renn». 01.00. Birinchi o‘yin – 1:3

«Kanonirlar» Yevropa Ligasida pley-offning ikkinchi bosqichini safar o‘yinidagi mag‘lubiyat bilan boshladi. Ammo mart oyidagi omadsizlik fevraldagisidan farq qiladi. O‘tgan oyda BATE bilan safar o‘yinidagi 0:1 hisobidan chiqib ketish birmuncha oson edi. Endi esa safarda gol urilgan bo‘lsada, uchta gol o‘tkazilgan va «Arsenal» nisbatan kuchliroq raqibga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. «Renn» yevrokuboklar tarixiga londonliklarni o‘z maydonida yenggan ilk fransuz klubi sifatida kirib bo‘ldi. Inglizlardan farqli ravishda «Renn» ikki frontda kurash olib bormayapti, ichki birinchilikda bu jamoa turnir jadvali o‘rtalarida ketmoqda va Jyulen Stefan jamoasi uchun chempionatda intriga deyarli yo‘q, shu sababli fransuzlar asosiy e'tiborni yevrokubok o‘yiniga qaratishlari mumkin. 

«Renn» turnirning 1/16 finalida «Betis»ni safarda 3:1 hisobida mag‘lub etgandi. O‘shanda fransuzlarning bir goli ideal darajadagi qarshi hujumda urilgan, bu hujumni Nyang a'lo darajada yakunlab bergandi. Ushbu futbolchi Londondagi o‘yinga diskvalifikatsiyasini o‘tab qaytmoqda. O‘z navbatida, o‘zining Angliyadagi ilk mavsumini sovrinsiz boshlash xavfi ostida qolgan Unai Emeri avvalgi o‘yinda maydondan chetlatilgan Sokratis Papastopulosning yordamiga umid qila olmaydi. Ammo mezbonlarda kelajakka optimizm bilan qarash uchun ham asos bor. Birinchidan, jamoa «MYu»ga qarshi o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishib, kuchli to‘rtlikka qaytdi hamda futbolchilarning kayfiyati zo‘r. Ikkinchidan, UYeFA apellyatsiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Lyakazettning diskvalifikatsiyasi muddati qisqardi hamda u bugungi o‘yinda «Arsenal»ning asosiy kuziri bo‘lishi mumkin. Bu o‘yinda Mxitaryanning maydonga tushishi tez vaqtlar ichida aniq bo‘ladi.

Hujumchisiz qolgan Spalletti
«Inter» – «Ayntraxt» F. 01.00. Birinchi o‘yin – 0:0

Avvaldan taxmin qilinganidek, turnirning bu bosqichidagi eng jiddiy qarama-qarshilik «Inter» va «Ayntraxt» juftligida kuzatilmoqda. O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yinda italyanlar vazifaning yarmini uddalashgan va turnirning eng hujumkor jamoasiga gol urishga imkon bermagandi. Frankfurtdagi o‘yinda nemislar jamoasining asosiy futbolchilaridan biri Rebich jarohati tufayli ishtirok eta olmagandi. Uning o‘rniga nemislar jamoasiga maydondagi boshqa bir xorvatiyalik futbolchi, «Inter» yarimhimoyachisi Brozovich penaltini aniq ijro etolmasdan yordam berib yuborgandi.

Bu zarba golga aylanganida milanliklar uyga butunlay xotirjam bo‘lib qaytishi mumkin edi. Endi esa javob o‘yinidan oldin mezbonlar hujum chizig‘i bilan bog‘liq muammolar qarshisida qolgan. Jamoaning asosiy to‘purari Mauro Ikardi hamon safga qaytmagan, boshqa bir argentinalik hujumchi Lautaro Martines esa diskvalifikatsiyaga uchragan. Luchano Spalletti bunday vaziyatdan qanday qilib chiqib ketarkin? Murabbiy o‘yindan oldin jamoa hech qanday bahona qilmasdan, o‘yinga jiddiy yondashishi zarurligini gapirdi. U qanot hujumchisi Politanoni markazga o‘tkazishi kutilmoqda. O‘tgan mavsumda ushbu futbolchi «Sassuolo» safida maydon markazida o‘ynab, milanliklarga jiddiy muammolar tug‘dirgandi.

Anchelotti va Sarri sensatsiyalarga qarshi
«Dinamo» K – «Chelsi». 22.55. Birinchi o‘yin – 0:3
«Zalsburg» – «Napoli». 22.55. Birinchi o‘yin – 0:3

Bir hafta oldingi o‘yinda Villian Kiyevning «Dinamo» klubi darvozasiga to‘pni joylaganida, Donetskning «Shaxtyor» klubi safida ushbu jamoaga qarshi o‘yinlarni, shuningdek, bir necha yil oldin «Chelsi» safida YeChL doirasidagi o‘yinlarni yodga olgandir. Ikki yil avvalgi o‘zaro o‘yinda «Chelsi» 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan kifoyalangandi, bu mavsumda esa londonliklar Kiyevga birinchi o‘yindagi yaqqol ustunlik bilan yo‘l olishgan. Maydon egalarida esa o‘yin arafasida kadrlar bilan bog‘liq muammolar bor, Aleksandr Xatskevich bu o‘yinga diskvalifikatsiya tufayli Buyalskiyni, hali sport formasiga qayta olmagan Verbichni hamda mavsum oxiriga qadar safdan chiqqan yangi futbolchisi Fran Solni qo‘ya olmaydi.

Agar mo‘jiza yuz bermasa, Maurisio Sarri jamoasi xalqaro maydondagi yurishini davom ettiradi. Uning sobiq jamoasi «Napoli»ning ham ishlari joyida. Birinchi o‘yinda italyanlar turnirning o‘tgan mavsumida yarimfinalga chiqqan «Zalsburg»ga hech qanday imkoniyat qoldirishmagandi. Karlo Anchelotti jamoasidan Avstriyada ham 3ta to‘p farqini yo‘qqa chiqarmasligi talab etiladi, xolos. Garchi, jamoaning ikki markaziy himoyachisi - Kulibali va Maksimovich diskvalifikatsiya tufayli javob o‘yinida yordam bera olmasada, jamoaning chorak finalga chiqish imkoniyatlari yomon emas. Avstriyaliklar bosh murabbiyi Marko Roze esa o‘yindan oldingi matbuot anjumanida «Yuventus»ning «Atletiko» ustidan irodali g‘alabasini namuna sifatida keltirib, kelajakka ishonch bilan qarayotganini aytib o‘tdi.

Ispanlar chorakfinalga yo‘l oladimi ruslarmi?
«Krasnodar» – «Valensiya». 22:55  Birinchi o‘yin – 1:2
«Vilyarreal» – «Zenit». 01.00. Birinchi o‘yin – 3:1.

Yevropa Ligasining 1/8 finalida ispanlardan 3ta, ruslardan 2ta jamoa ishtirok etmoqda. Bugun «Krasnodar» «Valensiya»ga qarshi o‘yinda kichik hisobdagi g‘alaba evaziga ham keyingi bosqichga chiqishi mumkin, «Zenit» esa «Vilyarreal»ga qarshi kechadigan safar uchrashuvida murakkab vaziyatdan chiqib ketishga harakat qiladi - Sergey Semak shogirdlari o‘tgan haftada o‘z maydonida 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Ichki chempionatda ham birinchi o‘rinda qulay o‘rnashib ololmayotgan va «Krasnodar»ning muntazam ta'qibida harakatlanayotgan (oradagi farq 5 ochko) piterliklar yevrokubokdan chiqib ketish xavfi ostida qolgan. Hozirda «Zenit» murabbiyi qarshisida 4ta yo‘l bor.

Birinchisi. Semak eng kuchli tarkibni maydonga tashlaydi. Jamoa kerakli natijaga erishish uchun bor kuchini sarflaydi, lekin turnirni tark etadi. Asosiy tarkib yakshanba kuni Rossiya chempionati doirasida «Spartak»ka qarshi o‘yingacha tiklana olmaydi va yutqazib, peshqadamlikni xavf ostida qoldiradi.

Ikkinchisi. Semak eng kuchli tarkibni maydonga tashlaydi. Jamoa mo‘jizaviy o‘yin ko‘rsatib, 3 gol uradi va (balki overtaymlarda o‘ynab) chorak finalga chiqadi. Bunday o‘yin uchun maksimal darajada kuch sarflanib, «Spartak»ka qarshi kechadigan muhim o‘yinga kuch qolmaydi.

Uchinchisi. Semak zaxira futbolchilarni o‘yinga tashlaydi, yetakchilarga dam beradi. Ikkinchi tarkib futbolchilari harakat qilib ko‘rishadi, ammo kutilganidek turnirni yakunlab berishadi. Shu bilan birgalikda, jamoaning asosiy futbolchilari «Spartak»ka qarshi o‘yinga tayyor holatda chiqishadi. Jurnalistlar va fanatlar Semakni Ispaniyada oq bayroq ko‘targani uchun biroz tanqid qilishadi, lekin Moskvadagi g‘alaba evaziga u kechiriladi.

To‘rtinchi. Semak uchun eng yomon variant. Piterliklar Ispaniyada kuch tejasa ham Moskvada mag‘lub bo‘lishi mumkin. Bu holda Semak tanqidlar bo‘roniga uchraydi - undan ikki o‘yindagi natija uchun ham izoh so‘ray boshlashadi.

1:3 jiddiy hisob. «Zenit»dan albatta 3 gol urish talab etiladi. Lekin piterliklar bu mavsumda safar o‘yinlarida sermahsullik ko‘rsata olishmagan, faqat bir marta Astraxandagi o‘yinda 3 gol urilgan. 

Xorvatlar ruslarga yordam beradimi?
«Slaviya» Pr – «Sevilya».
 01.00. Birinchi o‘yin – 2:2
«Benfika» – «Dinamo» Z. 01.00. Birinchi o‘yin – 0:1

Bu juftliklardan syurprizlar kutish mumkin. Ayniqsa, Pragadagi o‘yindan. Garchi, «Sevilya» bosh murabbiyi Pablo Machin Ispaniyadagi birinchi o‘yin natijasi o‘z jamoasi uchun hal qiluvchi bo‘lmaganini aytayotgan bo‘lsada, jamoa «Ramon Sanches Pisxuan»dagi 2:2 hisobidan keyin turnirni tark etish xavfi ostida qolgan. Yakshanba kuni sevilyaliklar «Real Sosedad»ga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi va 5:2 hisobida g‘alaba qozonishdi, Ben Yyedder het-trik muallifi bo‘ldi, bunday natijadan keyin kelgan ilhom bilan «tog‘ni ag‘darish» mumkin. Bu o‘yinda «Sevilya» darvozaboni Vatslik o‘z vatandoshlariga qarshi o‘ynaydi, u bir necha yil oldin poytaxtning boshqa bir jamoasi «Sparta» sharafini himoya qilgandi.

Zagrebning «Dinamo»si qarshisida ham qiyin topshiriq turibdi. Xorvatlar Portugaliyadagi javob o‘yinida kichik hisobdagi ustunlikni saqlab qolishlari talab etiladi. Agar jamoa «Da Luj»da vazifani uddalay olishsa, bu futbol muxlislari tomonidan Xorvatiya terma jamoasi 2008 yilda Angliyani «Uembli»da mag‘lub etgani bilan tenglashtirshi mumkin. O‘shanda shaxmat yo‘llilar Rossiyani 2008 yilgi Yevropa chempionatiga o‘zlari bilan olib ketishgandi. Bu safar esa «Benfika»ni turnirdan chiqarib yuborish orqali «Dinamo» rus klublarining UYeFA reytingida portugal klublarini ortda qoldirishini ta'minlashi mumkin. Zagrebliklarning imkoniyati yuqori emas, lekin bu mavsumda «Benfika»da ham pasayish kuzatilmoqda, yakshanba kuni lissabonliklar «Belenesesh»ga qarshi o‘yinda 2ta to‘p ustunligini saqlab qololmadi (2:2) va chempionlik istiqbollarini xavf ostiga qo‘ydi.

Top