23:40 / 26.03.2019
19275

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlarining jangovar shayligi to‘satdan tekshiruvdan o‘tkazildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 26 mart kuni ertalabdan mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘ining farmoyishiga ko‘ra Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini to‘satdan tekshirish rejasiga asosan, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tomonidan vazirlik bo‘linmalarining jangovar shaylik darajasi bosqichma-bosqich tarzda o‘quv sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Bu galgi tekshiruvga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining barcha harbiy bo‘linmalari jalb etildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘quv mashqlari 26-29 mart kunlari Qashqadaryo viloyatidagi “Muborak” va “Nuriston” poligonlarida, shuningdek, harbiy okrugning boshqa hududlarida bo‘lib o‘tadi.

Tekshiruvlarning asosiy maqsadi bo‘linmalarning jangovar shayligi va jipsligini tahlil qilish va baholash, harbiy qismlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarning o‘quv-jangovar vazifalarni bajara olishga tayyorgarligini nazoratdan o‘tkazishdan iborat.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

To‘satdan tekshiruvning birinchi kuni yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan bo‘linmalarning belgilangan hamda notanish hududlarga harakatlanishi va olib o‘tilishi masalalari amalda bajarildi. Ba'zi bo‘linmalarning shaxsiy tarkibi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarining harbiy aviatsiyasi yordamida havo orqali olib o‘tilishi ta'minlandi. Qolgan bo‘linmalar shtatdagi harbiy texnikalarda uzoq masofalarga marsh uyushtirdi.

Majmuaviy tekshiruvlarda Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Mudofaa vazirligi Toifalangan obektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining hududiy bo‘linmalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining ko‘rsatmasiga muvofiq, 2018 yilning noyabr oyida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi birinchi marta keng ko‘lamli to‘satdan tekshiruvdan o‘tkazilgan edi.

Top