12:50 / 26.03.2019
4909

Pike boshchiligidagi kataloniyaliklar Venesuelaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishdi

Kataloniya terma jamoasi 25 mart kuni Venesuelaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Jironada o‘tgan o‘yin mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

Kataloniyaliklar safida gollarga Boyan Krkich va Xavi Puado mualliflik qilishdi. Jamoa tarkibida «Barselona»ning uch futbolchisi – Jyerar Pike, Mark Bartra va Alesh Vidal ishtirok etdi. Ma'lumot uchun, Pike JCh-2018dan keyin Ispaniya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlagandi. U kechagi bahsda mezbonlar sardori sifatida to‘p tepdi, bu uning ushbu termadagi 10-o‘yini bo‘ldi.

BBC xabariga ko‘ra, Qatarning «Al-Sadd» klubida o‘ynayotgan Xavi ham termadan chaqiruv olgan, ammo u klubdagi o‘yinlari tufayli kela olmagan.

Kataloniya terma jamoasi FIFA va UYeFA tomonidan rasman tan olinmagan, shu bois klublar FIFA kunlarida o‘z futbolchilarini qo‘yib yuborishga majbur emas. Kechagi bahsda ham termaning bir qator o‘yinchilari shu sababdan ishtirok eta olishmagan.

Ma'lumot uchun, Kataloniya hukumati 2017 yil 1 oktyabrida referendum o‘tkazgan va o‘zini mustaqil deb e'lon qilgandi, ammo Ispaniya rasmiylari bu ovoz berish jarayonini noqonuniy deb topgan.

O‘rtoqlik uchrashuvi
25 mart. Jirona
Kataloniya — Venesuela — 2:1 (0:0)
Gollar: Krkich (53), Puado (88) – Rosales (59)

Eslatib o‘tamiz, Venesuela milliy jamoasi 22 mart kuni Madridda o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida Argentinani 3:1 hisobida mag‘lub etgandi.

Top