23:46 / 08.04.2019
12363

Ruminiyaning sobiq prezidenti insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblandi

Ruminiyaning sobiq prezidenti Ion Iliyesku 1989 yildagi inqilob vaqtida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda rasman ayblandi. 

Ruminiyada 1989 yil dekabrda Nikolaye Chaushesku diktaturasi ag‘darilishidan keyingi bir necha kun davomida yuzlab fuqarolar va harbiylarning o‘limi sababi va tafsilotlari tergovi o‘z yakuniga yetdi. 

Prokurorlar Iliyeskuni 1989 yil dekabrda hokimiyat va siyosiy legitimlik olish maqsadida guruh tuzishda ayblashgan.  

Prokurorlarning ta'kidlashicha, guruh Ruminiyaning o‘sha vaqtdagi rahbari Nikolaye Chaushesku 1989 yil 22 dekabrda poytaxtni tark etgandan keyin bayonotlar va televideniye orqali yolg‘on axborot tarqatishda ishtirok etgan. Bu esa tartibsiz otishmalar, qurolli to‘qnashuvlar va aholining ommaviy psixoziga hamda Chaushesku tuzumi ag‘darilgandan keyin 862 kishining o‘limiga, 2150 kishining yaralanishiga olib kelgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, o‘shanda qo‘shinlar tomonidan 13 mlnta o‘q qo‘llangan. Chausheskuga ayb qo‘yilishi va uning rafiqasi bilan birga tezlikda qatl etilishi ham ushbu sxemaning bir qismi bo‘lgan.

Hozircha Iliyeskuning sudi sanasi belgilanganman. 

89 yoshli Iliyesku diktator Nikolaye Chausheskuga qarshi isyon ko‘tarilishidan keyin tanilgan. Biroq hokimiyatning o‘tishi vaqtida yuzlab odamlar halok bo‘lgan.

Iliyesku 1990 yil fevralda muvaqqat parlament tomonidan prezident vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tasdiqlangan va 1990-1996 hamda 2000-2004 yillar davomida Ruminiya prezidenti lavozimini egallagan. 

Iliyeskuga mamlakatda va xorijda qarshi chiquvchilar uni va Ruminiyaning yetakchi siyosatchilarini islohotlarga to‘sqinlik qilishda va kommunistik partiyadan qolgan siyosiy merosni himoyalashda ayblab kelishadi.  

Iliyeskuning o‘zi aybdor emasligini ta'kidlab keladi. 

Mavzuga oid
Top