20:43 / 11.04.2019
5671
Qarshida kutubxona va oshxonaga ega bo‘lmagan 315 o‘rinli maktabda 883 o‘quvchi ta'lim olmoqda

30 mart kuni Qarshi shahridagi 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Jamshid Pirmatovning aholi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi “Adolat” SDP matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, uchrashuvda shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va mahallalarda aholi e'tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator muammolar bildirildi.

Qayd etilishicha, shahardagi 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi 1924 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlash arafasida “Ko‘kgumbaz” jome masjidi hududi kengaytirilishi munosabati bilan maktabning eski binosi buzilgan. 2006 yilda mazkur ta'lim muassasasi uchun 315 o‘ringa yangi maktab binosi qurib foydalanishga topshirilgan. 

“Maktab binosi quvvatiga o‘quvchilar sonining nomutanosibligi sababli hozirgi kunda 315 o‘quvchi soniga mo‘ljallangan maktabda 883 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Ta'lim muassasasida faollar zali, ma'naviyat xonasi, mehnat fani ustaxonasi, yoshlar ittifoqi yetakchisi xonasi, maktab psixologi xonasi, maktab direktori o‘rinbosarlari va o‘qituvchilari uchun xona va hatto bolalar uchun kutubxona va oshxona ham mavjud emas”, deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda mazkur ta'lim muassasida 96 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan o‘quv blokini qurish rejalashtirilmoqda. Lekin ushbu o‘quv blokini qurish bilan ta'lim muassasasining o‘quvchi o‘rniga bo‘lgan muammosi hal etilmaydi. Sababi, maktab hududiga yaqin bo‘lgan Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chasida 3 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi va bu uylarga 190 xonadon ko‘chib keladi. Shuningdek, 2019-2020 o‘quv yilida hududda istiqomat qiluvchi 90 nafar 7 yoshli bolalarning bu ta'lim muassasasiga 1-sinfga kelishi o‘quvchi o‘rniga bo‘lgan muammoning yanada ortishiga olib keladi.

Ushbu muammoga yechim topish maqsadida “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Jamshid Pirmatov 8 aprel kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga deputatlik so‘rovi yubordi.

“Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga asosan 10 kunlik muddat ichida javob berilishi lozim bo‘lgan so‘rovda Qarshi shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi uchun bugungi kunda ta'lim olayotgan o‘quvchilar sonidan kelib chiqib qo‘shimcha 420 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan o‘quv blokini qurish masalasini hamda mazkur muammolarni hal qilish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida asoslantirilgan axborot berilishi so‘ralgan”, deyiladi xabarda. 

Top