13:20 / 25.04.2019
19854
Osiyo chempionati. O‘zbekistonlik bokschilardan uch nafari finalda
Nodirjon Mirzahmedov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Bangkokda o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida bugun yarim final janglari bo‘lib o‘tmoqda. Erkaklar o‘rtasidagi kunduzgi bahslar doirasida o‘zbekistonlik uch nafar bokschi ringga ko‘tarilib, uchalasi ham final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Dastlab -49 kg vazn toifasida Nodirjon Mirzahmedov qirg‘izistonlik Mirlan Turkbai Uuluga qarshi jang qilib, ochkolar bo‘yicha g‘alabani qo‘lga kiritdi va O‘zbekiston terma jamoasiga ilk final yo‘llanmasini taqdim etdi. Mirzahmedov bunga qadar yaponiyalik va laoslik raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgandi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Nodirjondan so‘ng, -56 kg vazndagi Mirazizbek Mirzaxalilov ham filippinlik Pedres Bautista bilan jangda hakamlarning turlicha qarorlari bilan ochkolar hisobida raqibidan ustun kelib, hal qiluvchi bosqichga o‘tdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi harbiy sportchisi hisoblanuvchi Sanjar Tursunov (-91 kg) jamoadoshlarining muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirdi. Iordaniyalik Hussayn Iashaish bilan jang qilgan Tursunov ochkolar bo‘yicha ustun keldi va ertaga oltin medal uchun ringga ko‘tariladigan bo‘ldi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Bugun Toshkent vaqti bilan soat 16:00dan so‘ng kechki dastur bahslariga start beriladi. Unda O‘zbekistonning 5 sportchisi ringga ko‘tariladi.

-60 kg: Shukurjon Rahimov - Tsendbaatar Yerdenebat (Mo‘g‘uliston) (B ring)
-69 kg: Bobousmon Baturov - Ashish (Hindiston) (A ring)
+91 kg: Bahodir Jalolov - Muhammad Mulayyes (Suriya) (A ring)
-57 kg: Yodgoroy Mirzayeva - Yu-Ting Lin (Xitoy Taypeyi) (B ring, ayollar)
-64 kg: Maftuna Meliyeva - Kaur Baat (Hindiston) (B ring, ayollar)

Final janglari ertaga, 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Top