13:20 / 05.05.2019
30789
«Bunday «yo‘lboshchilar» jamiyat taraqqiyotiga xavf tug‘dirishi ham turgan gap». Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari til bo‘yicha murojaat haqida

Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan, rus tiliga rasmiy til maqomini berish haqidagi takliflar ortidan boshlangan munozaralarga qo‘shilib, o‘z munosabatini bildirdi.

Til – milliy qadriyatlarni birlashtirib, tutashtirib, namoyon etib turuvchi eng mustahkam zanjir, boy va cheksiz ma'naviy xazina. 

Til insonning birlamchi ehtiyoji, anglash, bilish, so‘zlash, aloqa-munosabat vositasi, mansub-xoslik omili bo‘lgani bois hamisha jamiyat ravnaqining asosiy mezonlaridan bo‘lib kelgan. Jumladan, o‘zbek tili o‘zbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, o‘z siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan ma'naviy yutug‘idir. Bugungi taraqqiyotiga qadar shonli va sharafli yo‘llarni bosib, keskin va shiddatli to‘fonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulug‘vor va ustuvorligini namoyon qilmoqda.

Turli darajadagi ijtimoiy munosabatlar, xalqaro aloqalar, fan-texnika taraqqiyoti, globallashish jarayonlari milliy til qiyofasiga ham muayyan darajada o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda, ichki va tashqi tahdidlar xavfini oshirmoqda. Shulardan biri yaqin kunlar oralig‘ida munosabat-munozara maydonini egallab, keng jamoatchilikning tanqid-u e'tiroziga uchrayotgan «rus tilini ikkinchi rasmiy davlat tili sifatida e'lon qilish» tashabbusini ilgari surgan ayrim «ziyolilar»ga ham tegishlidir.

Mamlakatda o‘zbek tili rasmiy davlat maqomiga ega yagona til sifatida Konstitutsiya va qonunlar orqali huquqiy mustahkamlab qo‘yilganligiga ham e'tibor qaratmasdan, ikkinchi tilni rasman tan olish jamiyatni ikkiga bo‘lish, millat ajratishga olib kelishini, turli ko‘rinishdagi noroziliklar sodir bo‘lishini inobatga ham olmasdan bunday ko‘r-ko‘rona taklifni ilgari surish talab qilinayotgan ikkinchi tilni, shu til vakillarini o‘z milliy tili, milliy qadriyatlari, milliy hamiyatidan ustun qo‘yish, ustuvor ko‘rishni anglatadi. Amaldagi davlat tiliga nisbatan bepisandlik, hurmatsizlikni ko‘rsatadi. Ushbu o‘rinsiz va asossiz vayronkor g‘oyani bugun barcha millatsevar, vatanparvar jamoatchilik, ma'rifat ahli keskin qoralab, o‘z milliy tiliga, o‘zbek tilining asriy va azaliy maqom-martabasiga muhabbat-ehtiromini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali turli ko‘rinishlarda namoyish qilmoqda. Albatta, o‘zligini qadrlagan, o‘z millatiga daxldorligini his qilgan, milliy g‘urur va iftixorini yuqori tutgan har bir fuqaro bunday yo‘l tutishi tabiiy. Ushbu muammo sabab, bugun jamiyatning amaldagi rasmiy davlat tili bo‘lgan o‘zbek tiliga munosabati yana bir elakdan o‘tmoqda, sinovlarda toblanmoqda va qat'iylashmoqda.

Shu o‘rinda, rus tiliga rasmiy maqom berish tarafdorlarining «yo‘lboshchilari» ilmu fan, san'at sohasining ilg‘or vakillari ekanligi yanada hayratli emasmi?, degan haqli savol tug‘ildi. Darhaqiqat, inson har qancha bilim egallamasin, iqtidorli bo‘lmasin, shon-shuhrat qozonib, mansab pog‘onalaridan ko‘tarilmasin, uning qalbida o‘z milliy qadriyatlariga nisbatan ehtirom-e'zoz bo‘lmasa, ma'naviy-ma'rifiy ulug‘vorlik etagidan tutmasa, bir kun kelib oqsashi, qoqilishi, yiqilishi, milliyat taqdiri, jamiyat taraqqiyotiga xavf tug‘dirishi ham turgan gap.

Tajribalarda ayonki, ko‘p til bilish – rivojlanishning ilg‘or qonuniyati, muvaffaqiyat garovi. Ammo o‘z milliy tilingni unutish, o‘zga tillar bilan chog‘ishtirish, qorishtirish evaziga emas! O‘zga tillarni o‘rganish orqali taraqqiyotga erishishni yoqlab chiqqan ma'rifatparvar jadidlar ham bu borada ehtiyotkor va mas'uliyatli bo‘lishgan. Xususan, Abdulla Avloniy o‘z qayg‘usini «Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arab, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur», - degan o‘tli fikrlarida ta'sirchan oshkor qilgan. Bu fikrlar ayni kunda yana ham dolzarblashmoqda.

Milliy tilga e'tibor va ehtirom millatsevarlik, vatanparvarlik, oliyjanoblikning yorqin ifodasi. Milliy til – milliy urf-odat, qadriyatlarni, milliy ma'naviy meros-manbalarni bilish, o‘zlashtirish, yetkazib berish, targ‘ib etishda, o‘zlikni anglash, anglatishda birlamchi vosita. O‘z milliy tiliga muhabbati yo‘q, o‘zga tillarga ehtiromi yuksak insonni millat vakili, vatanparvar shaxs deb atash mumkinmi? Til millatga, jamiyatga, Vatanga daxldor oliy tushuncha. Shu boisdan bu borada ehtiyotkor bo‘lish, ajdodlardan meros buyuk ne'mat ildiziga bolta urmaslik talab qilinadi.

Masalaga munosib yechim izlab olib borilgan tahliliy kuzatishlar o‘zbek tilining davlat tili maqomidagi rutbasini yanada mustahkamlash, qonuniy asoslarni kengaytirish, qat'iylashtirish zarurati mavjudligini ko‘rsatadi. Nafaqat ayni shu kunlarda, balki o‘tgan yillar davomida ham millatsevar tilshunoslar, ma'rifat ziyolilarini o‘zbek tilining rasmiy talablarini kuchaytirish, milliy martabasini oshirish, barcha soha vakillarining adabiy til me'yorlariga amal qilishiga erishish kabi dolzarb muammolar hamisha o‘ylantirib, munozaraga chorlab kelgan. Shu asoslarga tayanib, quyidagi vazifalarni kechiktirmasdan hal qilib borish talab etiladi: 

- Davlat tili to‘g‘risidagi qonunni tahririy ko‘rib chiqish va unda milliy rasmiy tilga munosabatni, adabiy me'yor talablarini kuchaytirish; 

- davlat tili barqarorligiga to‘siq bo‘luvchi o‘zbek alifbosi bilan bog‘liq ikkilanish muammolariga qonuniy chek qo‘yish, yozuv birligi, aholining savodxonlik darajasini oshirishga erishish; 

- O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasiga tayanib, o‘zbek tilining rasmiy maqomini mustahkamlash; 

- milliy qadriyatlarning asosiy timsoli bo‘lgan o‘zbek tilining rasmiy va milliy maqomini targ‘ib-u tashviq etuvchi ma'naviy-ma'rifiy ishlar ko‘lamini kengaytirish, bu borada maqsadli, manzilli va tizimli tadbirlar tashkil qilish; 

- milliy ma'naviy merosga muhabbat va ehtirom, avvalo, oiladan boshlanishi, oila qadriyatlar beshigi ekanligini e'tiborga tutgan holda farzand tarbiyasida ona tilini puxta egallash, milliy tilni, qadriyatlarni avaylash, ijtimoiy daxldorlik, vatanparvarlikni shakllantirish usullari tavsiya qilingan metodik qo‘llanmalar yaratish; 

- ta'lim bosqichlari, tashkilot, muassasa va korxonalarda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan kun arafasidagi bayramdan tashqari jarayonlarda ham davlat tilining rasmiy talablari bilan tanishtiruvchi, mohiyatini tushuntiruvchi, milliy til ruhiyatini yuksaltiruvchi ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini muntazam yo‘lga qo‘yish; 

- mamlakatning har bir fuqarosida rasmiy davlat tiliga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘ulari barqarorligini ta'minlash ishlarini tizimli olib borish.

Top