«Millatni sevishni shakllantirmas ekanmiz, barcha urinishlarimiz befoyda» - Alisher Qodirov
O‘zbek jamiyati hayotida davlat tili qonunini amaliyotda to‘laqonli joriy qilish zarur, o‘zbek tili davlat tili ekan, davlat idoralariga murojaat, huquqiy hujjatlar, reklamalar, tashqi yozuvlar - umuman barchasida o‘zbek tili ustun bo‘lishi lozim, deydi partiya yetakchisi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
— Rus vatandoshlar uchun ta’lim va televideniyeda rus tili nomutanosib darajada ko‘p deya bildirgan fikringizni asoslab bersangiz.
— So‘nggi paytlarda Rossiya jamoatchiligida Markaziy Osiyo xalqlari haqida salbiy, shovinistik fikrlar yangramoqda. Bunday fikrlar O‘zbekiston jamoatchiligi e’tiroziga sabab bo‘lyapti. Shu fonda biz ham milliy taraqqiyotni ilgari surayotgan partiya sifatida o‘z munosabatimizni bildirishni maqsadga muvofiq deb bildik. Rossiya rasmiy idoralari, elchixonalari bunday chiqishlarga shaxsiy fikr sifatida ta’rif berib, vaziyatdan chiqib ketishyapti. Bu davlat pozitsiyasi emas, e’tibor bermanglar, deb sharh berish qaysidir ma’noda «allalash»ga o‘xshaydi. Lekin uzoq davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi bunday chiqishlarning tagida aslida qanday maqsad, ma’no borligini yaxshi bilib turibdi.
Biz millatchilik yoki millatlararo nizo qo‘zg‘atishdan yiroqmiz. Global dunyodagi notinch holat fonida Markaziy Osiyoga nisbatan yuzaga kelayotgan tortishuvli vaziyat sobiq ittifoq davlatlariga bo‘layotgan g‘arazli bir niyatning ko‘rsatkichi. Sobiq sovet imperiyasini tiklash haqida norasmiy doiralardan tashqari Rossiyaning rasmiy sferasida ham gapirildi. Shu bayonotlar negizini tahlil qilsak, O‘zbekistondagi holat qanday, nimalarga e’tibor berishimiz kerak, degan masalalar yuzaga keladi.
Bugungi O‘zbekiston jamiyati o‘z qadriyatlari, davlatchiligi, o‘zligi nuqtai nazaridan aniq pozitsiyaga ega. Rus millatli va boshqa yuzga yaqin boshqa millatli vatandoshlarimizning qadriyatini, milliy an’analarini saqlash konstitutsion majburiyat. Lekin shu bilan birga eslatib qo‘yish kerak bo‘lgan boshqa masalalar ham bor. Masalan, O‘zbekistonda o‘zbeklardan tashqari 4,5 foiz atrofida qozoq vatandoshlarimiz bor, rus vatandoshlarimiz esa 2-2,5 foizni tashkil qiladi. Lekin O‘zbekistonda maktab, bog‘chalarda rus tilida ta’lim berish keragidan ortiq, juda ham ko‘p.
Biz o‘z taklifimizda boshqa millatli vatandoshlarimizning huquqlari ta’minlanishini e’tirof etgan holda shuni aytdikki: qozoq, qirg‘iz, turkman millatli va boshqa vatandoshlarimiz, hatto o‘zbeklar ham rus maktablarida ta’lim olishi — o‘ylab qaralsa,biz uchun xavf sifatida shakllanyapti. Bugun til yumshoq siyosiy kuch sifatida ishlatilayotganini ko‘ryapmiz, til shunchaki oddiy muhokama qilinadigan masala emas. Qaysiki millat o‘z tiliga munosabatini o‘zgartirib, o‘z tilidan uzoqlashsa, bunday millatlar yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
3 ming yillik davlatchilik tariximizni gapirib tursag-u, lekin o‘zbek tili kuchli qonun, texnologik rivojlanish tili bo‘lmasa, bu holat bizni xavotirga solishi kerak.
-- O‘zbekiston hayotida rus tili ta’sirini kamaytirish uchun nima qilish lozim?
— Ko‘p maktablarda rus tilida dars o‘tilyapti, ba’zi ota-onalar bolasini shunday maktablarga beryapti. Ular bolam til bilsin degan maqsadda harakat qilayotganini aytadi, lekin til o‘rganish masalasi bog‘chadan, birinchi sinfdan boshlanadigan narsa emas. Bu davrlar bolaning asl poydevor davri hisoblanadi. Shu davrda o‘z qadriyatlari, o‘zligini bilish masalalari singdirilishi kerak. Yaponiya, Koreya, Xitoy kabi davlatlarda bolalarga ayni shu davrida milliy o‘zlikni anglash o‘rgatiladi.
O‘zbekistonning davlat tili haqidagi qonuniga ko‘ra, fuqarolar o‘zaro murojaat tilini xohlagan til sifatida tanlashi mumkin, davlat tili o‘zbek tili. Fuqarolarning xohlagan tilda davlat idoralariga murojaat qilishi belgilangan. O‘zbek tilining rivojiga eng katta xalaqit berayotgan me’yorlardan biri bu. Chunki til rivojlanishi uchun unga ehtiyoj paydo qilish kerak. Ehtiyoj bo‘lmagan til o‘z-o‘zidan zaiflashadi.
Bugungi kunda ta’lim, televideniye, huquqiy hujjatlarda rus tilining ta’siri kuchli. Huquqiy hujjatlar, asosan, rus tilida tayyorlanadi. Germaniyada nemis tilidan boshqa tilda davlat idoralariga murojaat qilishmaydi, agar boshqa tilda murojaat qilsangiz u nafaqat umuman ko‘rib chiqilmaydi, balki siz bu ishingiz uchun jarimaga ham tortilasiz. Davlat tiliga munosabatni shunday qurish orqali nemis tiliga ehtiyoj yuzaga keltirilgan. Biz esa ehtiyojni o‘zimiz kamaytiryapmiz. Buning natijasida til rivojlanmayapti va yosh avlod boshqa tilli bo‘lib katta bo‘lyapti.
Qonundagi til rivojiga to‘siq bo‘luvchi me’yorlarni o‘zgartirish va bu borada yanada talabchanroq me’yorlarni kiritish zarur.
Taklifimiz rus segmentidagi axborot vositalari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilindi. Ya’ni men boshlang‘ich ta’lim ona tilida bo‘lishi kerak, deganman, ular esa o‘zbek tilida deb tarjima qilishgan. Men o‘zbek odam o‘zbek tilida, rus odam rus tilida boshlang‘ich ta’lim olsin, degan ma’noda gapirganman.
Birinchi sinfga borayotgan bolani qanday tilli maktabga qo‘yish ota-ona tanlovi, deyishadi. Ammo bolasining umuman maktabda o‘qishiga qarshi ota-onalar ham bor. Bola o‘zbek millatiga mansubmi, boshlang‘ich ta’limni o‘z ona tilida olishi kerak. Xorijiy tillarni o‘rganish yuqori sinflarda bo‘laveradi.
Bu fikrimni millatchilik sifatida talqin qilishyapti ham. O‘zbek xalqida hech qachon millatchilik bo‘lmagan. Shunday bo‘lganda, Jahon urushi davrida bir nonni ham rusga, ham nemisga bermagan bo‘lardi. O‘zbekdek bag‘rikeng millat yo‘q o‘zi, tabiatan shunday.
O‘zbekistonda nima uchun rus tilini bilmaslik uyat-u, o‘zbek tilini bilmaslik uyat emas? Aksar odamlar ongida singib qolgan bu stereotipni parchalab tashlash uchun nima qilish kerak?
— Millat masalasida bizda bir fobiya shakllangan. O‘zbek haqida gapirsangiz, millatchi bo‘lasiz, boshqa millat haqida gapirsangiz, boshqa millatni qadrlayotgan bo‘lasiz. Biz boshqa millatlarni "qo‘llash"ni yaxshi ko‘ramiz. Masalan, bir davrada 9 ta o‘zbek bo‘lib, bitta boshqa millat vakili bo‘lsa, o‘sha bitta odamning tilida gapirishga harakat qilamiz.
Sovet davrida millatlarning o‘zini anglashda juda ko‘p ideologik ishlar amalga oshirilgan. Afsuski, mana shu ishlarning asoratlari hali ham ko‘rinmoqda. Ba’zilarni ko‘ramiz, o‘zi o‘zbek, lekin o‘zbek tilini bilmaydi, ota-onalar bolasini rus bog‘chaga, rus maktabga qo‘yyapti, bog‘cha yoshidagi bolasi rus tilida gapirayotganidan g‘ururlanayotgan odamlarni ham ko‘rishimiz mumkin. O‘zimizga ziyon qilayotganimizni anglamayapmiz. O‘zbek tili haqida, o‘zbek qadriyatlari haqida gapirish millatchilik deb qaraladigan bo‘lib qolgan.
Bizga yaxshi ma’nodagi millatchilik yetishmaydi. Biz o‘z qadrimizni bilishimiz kerak. Katta avlodda sobiq ittifoqdan qolgan asoratlar bor, deymiz, lekin ta’lim tizimida hali ham muvaffaqiyatga erisholmayotganimiz natijasida yosh avlod ham o‘sha asoratlardan zaharlanyapti.Bir siyosatchi shunday fikr aytadi: bosib olingan millatlarda shunday sindrom bo‘ladi, ular o‘zidan nafratlanishga majbur qilinadi va shu tufayli o‘ziga nisbatan adolatsiz bo‘ladi. Afsuski, mana shunday sindromda o‘zbek jamiyati ham yashayapti. Ya’ni o‘z tiliga nisbatan qadrsiz munosabatda bo‘lib, boshqa tilni hurmat qilishi mana shunday sindromning ko‘rinishi.
Prezidentimiz elchilar bilan uchrashuvda o‘zbek tilini bilmagan diplomat qanday qilib O‘zbekiston vakili bo‘lishi mumkin, degan edi. Xorijiy tilni o‘rganish mobaynida o‘z tilini unutib yuborgan shunday elchilar bor va afsuski, hozirgi maktab o‘quvchilarida ham shunday muammolar mavjud. Xalqaro minbarlarda o‘zbek tilida gapirishni ko‘tarishimiz mumkin, lekin asl muammo maktab va bog‘chalarda ekanini unutmaslik kerak. Agar bog‘chada ustuvor tilni rus tili sifatida ko‘rsak, endi ulg‘ayishni boshlagan bolalarga o‘zga tilda ta’lim bersak, xalqaro minbarda o‘zbek tilida gapirish u yoqda tursin, o‘z qadriyatlariga behurmat avlodni yetishtirishimiz mumkin. Bizning til borasida, vatanparvarlik borasidagi oqsashlarimizni yaxshi anglagan Markaziy Osiyodan umid uzmagan ba’zi kuchlar bundan unumli foydalanishga harakat qilyapti.
— O‘zbekistonda o‘zbek tiliga zarurat darajasini oshirish uchun qanday ishlarni qilish kerak?
— Ta’lim-tarbiya sohasida islohotlarni jadallashtirishimiz lozim. Rus tilini qisqartirish uchun davlat tili qonunini amaliyotda to‘la joriy qilish zarur. O‘zbek tili davlat tili ekan, davlat idoralariga murojaat, huquqiy hujjatlar, reklamalar, tashqi yozuvlar — umuman barchasida o‘zbek tili ustun bo‘lishi, qo‘llanishi kerak.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
14:33
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
17:18 / 01.11.2024