04:25 / 06.05.2019
9934

«Arsenal» YeChL yo‘llanmasidan uzoqlashdi, «Chelsi» yo‘llanmani naqd qildi

Angliya Premer-Ligasi 37-turidan o‘rin olgan «Arsenal» hamda «Brayton» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi.

Angliya Premer-Ligasi 37-turidan o‘rin olgan «Arsenal» hamda «Brayton» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi. Chempionlar Ligasi uchun kurashayotgan «Arsenal» o‘z maydonida kechgan o‘yinni yuta olmadi va Yevropa Chempionlar Ligasiga APL orqali yo‘llanma olish imkonini deyarli qo‘ldan boy berdi.

«To‘pchilar» 9-daqiqada Obameyangning penaltidan urgan goli evaziga hisobda oldinga chiqib olishgandi, lekin «Brayton» ham 61-daqiqada penaltidan gol urdi. Standartni aniq amalga oshirgan Myurrey muvozanatni tikladi.

Bu durangdan so‘ng «Arsenal» hisobidagi ochkolar soni 67taga yetdi va jamoa 4-o‘rindagi «Tottenhem»dan 3 ochko ortda qolmoqda, lekin «shporlar»da to‘plar nisbati yaxshiroq. Oxirgi turda «Tottenhem» 4ta to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lib, «Arsenal» 4ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonsagina Emeri shogirdlari 4-o‘ringa chiqadi.

Bu turda «Uotford»ni yengib (3:0), 71 ochko bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan «Chelsi» APLdan  YeChLga uchinchi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endi to‘rtinchi yo‘llanma uchun «Tottenhem» va «Arsenal» o‘zaro raqobat qiladi.

«Arsenal»da Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lish orqali YeChLga yo‘llanma olish imkoniyati ham mavjud. Emeri shogirdlari musobaqaning yarim final ilk o‘yinida «Valensiya»ni 3:1 hisobida yengishgan va chempion bo‘lish imkoniga egalar.

APL. 37-tur
Arsenal – Brayton 1:1
Gollar
: Obameyang (9, penalti) – Myurrey (61, penalti).
Arsenal: Leno, Monreal, Lixshtayner (Kolashinats, 77), Mustafi, Papastatopulos, Torreyra, Mxitaryan (Genduzi, 77), O‘zil, Chaka (Ivobi, 77), Lyakazett, Obameyang.
Brayton: Rayan, Dank, Bernardo, Saltor, Daffi, Gross (Kayyal, 90), Stivens, March, Bissuma, Jahonbahsh (Knokert, 46), Myurrey (Andone, 78).
Ogohlantirishlar: Papastatopulos (14), Gross (45), Chaka (60), Dank (63), Lixshtayner (64), Genduzi (83), Mustafi (84).

Top