8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

12:08 / 22.05.2019 14209

Ortiqxo‘jayev buzilgan 78-uy egalari bilan uchrashdi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun 25 maygacha muddat belgilandi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ilgari Anhor bo‘yida joylashgan va buzilgan 78-uy egalari bilan uchrashdi. Hozirgi kunda uchrashuv ishtirokchilari yangi manzilda – Qozirobod ko‘chasida, yana o‘sha Anhor bo‘yidagi 7 ta xonadonlarning egalari bo‘lishdi.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvga Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov, Shayxontohur tuman hokimi Abduqahhor To‘xtayev, Kapital qurilish bosh boshqarmasi  vakillari va Toshkent shahar hokimligi qoshidagi “Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash yagona xizmati” injiniring kompaniyasi  direktori  Sobir Oripovlar ham taklif etildi.

Uchrashuvga yangi uylardagi kommunikatsiya xizmatlarining qisman ulanmaganligi sabab bo‘ldi. Ayni paytda ushbu uylarda gaz va elektr ta'minoti yo‘lga qo‘yilgan. Suv ta'minoti esa hokimiyat mas'ullari so‘zlariga ko‘ra, markaziy kanalga ulangan bo‘lib, tez orada to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, sobiq 78-uy boshqa aholisining Qori Niyoziy ko‘chasidagi uylarga ko‘chishi masalasi ko‘tarildi. Biroq, bugungi kunda yangi uylarda qurilish ishlari davom etayotgani sabab, u yerga ko‘chib o‘tishning imkoni yo‘q.

Uchrashuvda fuqarolar o‘z muammolarini aytishdi. Xususan, yangi uyga ko‘chish jarayonining kechikayotganligi va shu tufayli hozirda yashayotgan uylarining ijara haqi oshayotgani to‘g‘risida hamda yakuniy ta'mirlash ishlari bilan bog‘liq noqulayliklar haqida o‘z muammolarini ma'lum qilishdi. 30 ta velosiped uchun turargoh ajratish masalasi inobatga olinib, bu borada zarur ko‘rsatmalar berildi.

Uchrashuv davomida Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, yangi uylar topshirilishining kechikishiga sababchi bo‘lgan va boshqa kommunikatsion va ta'mir ishlari bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tegishli mutasaddilarni tanqid qildi, deyiladi xabarda.

Ushbu mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar nazorati Shayxontohur tuman hokimi A.To‘xtayev, uning o‘rinbosari, shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari D.Hidoyatov zimmasiga yuklatildi hamda voqealar rivoji haqida hokimni xabardor qilib turish vazifasi topshirildi.

Barcha kamchiliklarni bartaraf etish uchun 25 may, shanba kunigacha muddat belgilanib, ijara haqi to‘lovi muammosi ham ijobiy hal qilindi. Ko‘chish va mebellarni tashish uchun transport bilan ham ta'minlash haqida ko‘rsatma berildi, deya yakunlanadi xabar.

Top