8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

17:15 / 29.05.2019 13101

Sayohat aeroportdan boshlanmog‘i lozim: Koreyaning Incheon aeroporti haqida

Yaqinda Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbirining safari taassurotlari, ushbu mamlakatning o‘ziga xos jihatlari haqida turkum maqolalar berib borishni rejalashtirdik. Bugungi maqolamiz Koreyaning mashhur Incheon aeroporti haqida.

Incheon aeroporti tashrif buyuruvchilarga yaratilgan keng qulayliklari, jahon standartlariga javob berishi, sohaga oid bir necha xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritgani bilan boshqa aeroportlardan ajralib turadi. Poytaxt Seuldan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur aeroport yo‘lovchi va yuk tashiluvchi bir nechta  terminallardan tashkil topgan.

Asosiy terminal maydoni 496 ming kv.m.dan iborat. Yangi terminal esa 2018 yilning 28 yanvarida ishga tushirilgan bo‘lib, 10 ga yaqin aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi. Hozirgi kunda Incheon aeroportida 70 dan ortiq aviakompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Boshingizni raqamlar bilan qotirgandan ko‘ra, Koreyaga kelgan sayyohlar, yo‘lovchilar uchun qanday imkoniyatlar mavjud va ulardan qanday foydalanish mumkin, shular haqida ma'lumot berib o‘tsam.

Incheonga kirib kelgan sayyohlar manziliga oson va tez yetib borishi uchun metropoliten, lift xizmati, yuki ko‘p mehmonlar uchun o‘ziyurar yo‘laklar, aeroport tashqarisiga chiqishingiz bilan shaharlararo avtobuslar, litsenziyali taksi xizmatlari va boshqa barcha qulayliklar yaratilgan.

Mamlakatga kelgan sayyoh sayohatini eng avvalo o‘zi bilan olib kelgan dollar yoki boshqa valutani mahalliy valutaga almashtirishdan boshlaydi. Aeroportda buning uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Aeroportning o‘zida pasport bilan chet el valutasi bo‘lgan AQSh dollarini Koreya pul birligi vonga yoki mamlakatdan chiqib ketayotgan vaqtingizda uni qayta AQSh dollariga almashtirishingiz mumkin. bundan tashqari, yana boshqa bir necha davlat valutalarini ham almashtirish imkoniyati mavjud. Bu bilan mijozning bank qidirish uchun ketadigan vaqti va mablag‘i tejaladi.  

Aeroportning deyarli har bir burchagida turistlar uchun xizmat ko‘rsatish joylari mavjud. U yerda siz aeroportning qaysi qismida ekaningiz, qayerda ovqatlanish mumkin, shaharga qayerdan va qaysi transport orqali chiqib keta olasiz, uchish yoki qo‘nish vaqtlari va boshqa ma'lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

Aeroportda hatto ma'lumot olishingizga ko‘maklashuvchi zamonaviy so‘nggi avlod robotlariga ham duch kelasiz. Tegishli so‘rovni kiritishingiz orqali zarur bo‘lgan ma'lumotni olishingiz mumkin. Masalan men aeroportda qanday do‘konlar mavjudligi, yaqin-atrofdagi mehmonxonani qanday band qilishim mumkinligi haqida ma'lumot oldim. Robotning imkoniyatlari juda keng. U ko‘zi ojizlar uchun ovoz orqali ma'lumot taqdim qila olar ekan. Robot aeroport ichida harakatlanish jarayonida o‘zining sezish dasturi orqali bemalol harakatlana oladi.

Aeroportda sovg‘a, gul va boshqa oziq-ovqat yoki nooziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishingiz uchun yuzlab do‘konlar mavjud. Ulardan arzonlashtirilgan mahsulotlar sotib olishingiz yoki buyurtma qilishingiz mumkin. Bu ham chet el safaridan kelgan, yaqinining bag‘riga intilayotgan shaxs uchun juda qulay hisoblanadi.

Shuningdek, Incheonda istalgan turdagi tez tayyorlanadigan yoki milliy ovqatlanish maskanlarini topishingiz mumkin. Narxlar ham mamlakat ichidagi ovqatlanish maskanlaridan keskin farqlanmaydi.

Aeroportda tekin jamoat wi-fi (vay-fay) xizmati o‘rnatilgan. Internet tezligi ham juda yaxshi. «imo» yoki boshqa internet orqali ishlaydigan ilovalar yordamida bemalol yaqinlaringiz bilan muloqot qilishingiz mumkin. Ovqatlanish joylari, kutish platformalarida o‘z noutbuklarida ishlab o‘tirganlarni ham uchratishingiz mumkin.

Incheonda yana aeroport xizmatidan foydalanayotgan shaxslar uchun turli xil ko‘ngilochar loyihalar amalga oshiriladi. Biz o‘sha kuni jonli ijroda qo‘shiq aytayotgan guruhlar chiqishiga guvoh bo‘ldik. Mehmonlar ularning qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lishdi.

Incheonda mehmonni kuzatish yoki kutib olish uchun kelgan shaxslarning avtomobillari uchun alohida avtoparklar joriy qilingan. Ularda aholining barcha qatlamlari manfaati hisobga olingan. Ya'ni nogironlar boshqaradigan avtomobillar uchun aeroport asosiy binosiga yaqin joydan joy ajratilgan. U yerda nogironlar lift va o‘ziyurar yo‘laklardan qiynalmay foydalanishi mumkin.  

Koreyaning sayyoh sifatida menga ma'qul kelgan taraflaridan biri istalgan joyda toza, ozoda va tekin hojatxonalarga duch kelasiz. Aeroportdan  ming-minglab insonlar foydalanishi hisobiga tozalikka mas'ul shaxslar uni 24 soat davomida vaqti-vaqti bilan almashib tozalab turishar ekan.

Aeroportdan chet el va mahalliy kompaniyalar reklama maydoni sifatida unumli foydalanishadi. U yerda siz eng zamonaviy texnikalar va avtomobillarga ham duch kelishingiz mumkin.

Turist sifatida safarimni yakunlab, O‘zbekistonga qaytish reysini kutayotgan vaqtimda Koreya hukumatining madaniyat, sport va turizm vazirligi vakili yonimga keldi. U o‘z uzrini aytib, unga 10 daqiqa vaqt ajratishimni iltimos qildi. Menga anonim so‘rovnoma o‘tkazilayotgani va javoblarim albatta vazirlik nigohidan chetda qolmasligini aytdi.

So‘rovnomada qaysi davlatdan nima maqsadda kelganim, sayyoh sifatida menga ma'qul kelgan va kelmagan jihatlar, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxi haqida fikrlarim, qaysi mehmonxonada vaqtincha yashaganim, mehmonxona narxi xizmatlariga mos kelish-kelmasligi, transport xizmatlari sifati, savdo maskanlari haqida xulosalarim va boshqa ko‘plab savollar bor edi.

Xulosam: koreyaliklar qanday ishlashni bilishadi. Sayyohlar fikri hukumat uchun juda muhim. Salbiy jihatlarni bartaraf etishga doim harakat qilishadi. Chunki ular sayyohlar orqali davlatga juda katta miqdorda valuta tushumi kelishini bilishadi.

Incheon aeroportida bo‘lgan chog‘imda bir fikr xayolimdan o‘tdi: qani endi bizda ham mana shunday aeroportlar ishga tushirilsa. Kelayotgan sayyohlar shu yerning o‘zidan sayohatini boshlardi.

Ushbu havola orqali videorolikni ko‘rishingiz va o‘zingiz xulosa qilishingiz mumkin.

Video: Youtube

 
 Video: Mover (tas-ix) 

 

Zafarbek Solijonov

Top