8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

18:28 / 30.05.2019 113143

«O‘zbekkonsert» barcha xonandalarga ogohlantirish bilan chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali ikki xonanda – Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonovning o‘zaro mojaroga kirishgani haqida xabarlar tarqaldi. 

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasining ma'lum qilishicha, Jahongir Otajonov o‘z instagram sahifasida tashkilot tomonidan litsenziyasi borasida muammo bo‘layotganini iddao qilib, asossiz ravishda, bir tomonlama murojaat qoldirgan.  

“Bu borada “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qaroriga asosan Otajonov Jahongir Saparboyevich nomiga berilgan litsenziya amal qilish muddati 2019 yilning 28 may kuni tugaganligi bois, reytingning 2-guruhi bo‘yicha davlat budjetiga yillik 19 867 540 so‘m miqdoridagi davlat boji to‘lovlarini hamda xonandaning ijodiy guruh a'zolariga, ya'ni sozandalariga (jami 7 nafar) litsenziyasi uchun har biriga alohida yillik 8 109 200 so‘mdan jami 76 631 940 so‘m miqdoridagi to‘lovlarni  (ushbu to‘lov sozandalar sonidan kelib chiqib o‘zgarishi mumkin) 3 kun muddat ichida to‘lashi kerakligini ma'lum qiladi. Shundan so‘ng uning faoliyati yana qonuniy ravishda davom etaveradi, aks holda, uning konsert dasturlari bekor qilinadi”, - deyiladi “O‘zbekkonsert” taqdim etgan ma'lumotda.

Qayd etilishicha, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hamda rahbariyatining xonandaga nisbatan hech qanday e'tirozi yo‘q va bu masala u bilan tarqalgan bahsli munozaralarga ham aloqador emas. 

“Xonandalar Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonovlar borasida yuzaga kelgan vaziyat xonanda Abdulla Qurbonovning safardan qaytishi bilan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. 

Bundan tashqari, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonanda Jahongir Otajonovdan muborak Ro‘zai Ramazon oyida ijtimoiy tarmoqlarda nojo‘ya xatti-harakatlar bilan san'atkorlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga sabab bo‘luvchi masxaromuz videolarni tarqatmasligini so‘raydi.  

Shu o‘rinda “O‘zbekkonsert” DM barcha xonandalarni ham muassasa bilan ochiq muloqot qilmay turib, ijtimoiy tarmoqlarda turli noo‘rin, nojo‘ya va asossiz gap-so‘zlarni tarqatmasliklarini to‘g‘risida ogohlantiradi”, - deyiladi tashkilot xabarida. 

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Otajonov va Abdulla Qurbonovning bir-biriga qaratilgan videolari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ularda ijodkorlardan biri jonli ijroda qo‘shiq kuylash haqida gapirgan bo‘lsa, ikkinchisi sahnada o‘zini tutish odobi, kiyinish borasida hamkasbini tanqid qilgan.

Top