14:58 / 11.06.2019
24281
Andijon viloyati hokimi hududning eng og‘riqli muammolari haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 16-17 may kunlari Andijon viloyatiga tashrif buyurgandi. 

Tashrif davomida respublika va mahalliy tashkilot, idora rahbarlariga Andijonda sanoatni yanada rivojlantirish, aholi turmush tarzini yuksaltirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi, yangi vazifalar belgilab qo‘yildi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Kun.uz'ga bergan intervyusida davlat rahbari ta'kidlab o‘tgan vazifalar va yangi maqsadlar, viloyat aholisini qiynab kelayotgan muammolar bo‘yicha ma'lumot berdi. 

«Prezidentning har bir viloyatga tashrifidan maqsad oldingi berilgan topshiriqlar ijrosi qay darajada bajarilganligini va kelgusida qanaqa muammolar bor, ularni hal qilish masalalarini ko‘rishdir. Viloyatdagi men xabardor bo‘lgan muammolarni yechish yuzasidan Prezidentga savol bilan murojaat qilganimda, ularning barchasi hal qilindi. Mana yaqinda davlat rahbari Andijonda rasmiy tashrif bilan bo‘lganida o‘sha muammolarni qanday hal qilish rejasi, muddati aniq vazifalar belgilangan bayonnomani imzoladi.

Andijonga xos bo‘lgan va og‘riqli masala —  yetarli  ishchi o‘rinlar yaratish, chunki viloyat aholisi boshqa hududlarga nisbatan zich joylashgan. Bu yerda respublikaning umumiy aholisining 10 foizi istiqomat qiladi, yer maydoni esa nisbatan kichik. Xalq qachon turmushidan rozi bo‘ladi? Qachonki doimiy ish bilan ta'minlansa. Shundan kelib chiqqan holda, Prezident yirik masshtabdagi loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratyapti. 

Masalan, 25 trln.so‘mga teng 908 ta loyiha imzolandi, ularning muddatlari, kim tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Buning natijasida 50 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratishga erishamiz. Shuningdek, 1 trln. 846 mlrd.so‘mlik qurilish-bunyodkorlik ishlari loyihalarini amalga oshirish vazifalari belgilandi va kerakli mablag‘lar ajratildi. 

Qurilish viloyat uchun har qachongidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatli hisoblanadi. Birinchidan, yangi ish o‘rni yaratiladi. Ikkinchidan, hududning eng katta muammolaridan bo‘lgan uy-joy masalasi hal bo‘ladi. Hozirda viloyatning 20 mingdan oshiq aholisi uy-joyga muhtoj. 2017 yilgacha Andijon shahri (uy-joyga muhtoj eng ko‘p aholi qatlami)da birorta ham ko‘p qavatli uy qurilmagan. 

2017-2018 yillarda 60 dan ortiq 5 va 7 qavatli uylar qurildi va 2 ming nafar fuqaro uy-joy bilan ta'minlandi. Jarayon davom etyapti, 12ta 9 qavatli uylar qurish bo‘yicha Prezident alohida topshiriq berdi, unga yetarli mablag‘ ham ajratildi. Keyingi yilgacha esa 70 ta 9 va undan yuqori qavatli turar joylar quriladi. 2020-2021 yillarda 300 ta shunday uy-joylar qurish vazifasi qo‘yilgan. Buning natijasida Andijon aholisining uy-joyga muhtoj asosiy qatlami talabini qondirishga erishamiz. 

Yana bir muammolarimizdan biri —  aeroport. Investorlarni jalb qilishimiz uchun ham ushbu obekt bizga juda zarur», —  deya ta'kidlagan viloyat hokimi Abdurahmonov.

B sinfiga mansub aerodromga ega Andijon viloyati aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirgi marta 1980 yilda, perron 1985 yilda ta'mirlangan . Turli vaj va texnik nosozliklar tufayli faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan viloyat aeroporti tez orada ta'mirlanadi, deydi hokim. 

«Yaqin kunlarda aeroportda rekonstruksiya ishlari boshlanadi. 

Keyingi masala –14 ta tuman kesimida sanoat ko‘rsatkichining pastligi. Prezident bu haqida ta'kidladi va tegishli vazirliklar bilan birgalikda viloyat sanoat salohiyatini oshirish maqsadida qaror qabul qilinishi haqida aytildi. Ayni vaqtda vazirliklarning 30 dan ortiq xodimlari viloyatda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borishyapti, loyihalar ishlab chiqilyapti. Har bir tumanga xos bo‘lgan sanoat obektlari qurmoqchimiz, ya'ni maqsadimiz — ixtisoslashish.

Andijonda 3 mln.tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Ammo qayta ishlash, saqlash jarayoni qoniqarli emas. Ikkinchi yo‘nalishda shu masalani ko‘rib chiqamiz.

Uchinchi yo‘nalish esa avtomobilsozlik. Asakadagi zavodga ehtiyot qismlari import hisobidan kirib keladi. Prezident bunga e'tiroz bildirdi. Viloyat hokimligi va zavod hamkorligida import o‘rnini bosuvchi mahalliy uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi. Asaka zavodi bu bo‘yicha harakatlarni boshlagan. Zavodni rekonstruksiya qilish bo‘yicha Xitoy bilan 500 mln. dollarlik memorandum imzolandi. Bu viloyatimiz rivojiga nima beradi? Birinchidan, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish vazifasi bajariladi. Ikkinchidan, ish o‘rinlari yaratiladi. Uchinchidan, soliq to‘lovchilar paydo bo‘ladi. Soliq budjeti oshsa, mablag‘ ajratilishi kerak bo‘lgan boshqa masalalar ham yechiladi», — deydi Shuhrat Abdurahmonov. 

Qishloq aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha «Obod qishloq» , shaharliklarning turmush darajasini oshirish bo‘yicha esa «Obod mahalla» dasturlari qabul qilindi. Ularning ijrosi viloyatda qanday o‘tyapti, qabilidagi mantiqiy savolga viloyat hokimi javob berdi.  

«Marhamat va Bo‘z tumanlarida «Obod qishloq»  dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hududlarni tanlashimizdan maqsad chegaraga yaqin joylashganligi, ko‘p millatli xalq yashashi va sanoat ko‘rsatkichi juda pastligidir. Marhamat tumanida 2 ming ish o‘rni yaratadigan 4ta ishlab chiqarish obekti tashkil qilinishi arafasida. Birinchisi Germaniya texnologiyasi asosida poyabzal ishlab chiqarish korxonasi, Uzog‘i bilan 3 oy ichida qurilish ishlari tugaydi va 500 ta ish o‘rni yaratiladi. Ikkinchisi 400 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta'minlaydigan trikotaj fabrikasi. 

Uchinchisi bahor oylarida foydalanishga topshiriladigan metan gazda harakatlanadigan traktor zavodi. Bu bo‘yicha rossiyalik hamkorlar bilan 20 mln.dollarlik shartnoma imzolangan. 1000 nafar fuqarolarimiz doimiy ishga ega bo‘ladi. Biz nafaqat bu tumanlar, balki viloyatning boshqa hududlariga ham birday e'tibor qaratyapmiz. 

Prezident Andijonning 6 ta tumaniga suv va kanalizatsiya tizimini shakllantirish uchun 100 mln.AQSh dollari ajratdi. Birgina Shahrixon tumaniga 17 mln.AQSh dollari ajratildi», — deya qayd etib o‘tgan Abdurahmonov.

Top