8624.51 USD +40.01

9676.7 EUR +2.83

136.92 RUB +0.58

10780.6 GBP -12.65

07:30 / 19.06.2019 12141

«Bu gal ishni oxirigacha yetkazib qo‘yamiz». Tramp yangi prezidentlik kampaniyasini boshladi

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp 18 iyunda 2020 yilgi prezident saylovlarida qayta saylanish uchun kampaniyasining rasman boshlanganini e'lon qildi. 

«Bugun oqshomda sizning oldingizda AQSh prezidenti lavozimiga ikkinchi muddatga qayta saylanish bo‘yicha kampaniyam rasman boshlanishini e'lon qilaman», deb aytdi Tramp Orlandoda o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvi vaqtida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «mamlakat hozirda farovonlashmoqda va yangi cho‘qqilarga erishmoqda».

«Butun dunyo havas qilgudek iqtisodiyotimiz bor, ehtimol u butun tariximizdagi eng yaxshi holatda bo‘lsa kerak», deb ta'kidlab o‘tgan AQSh prezidenti.

Tramp 2016 yilgi saylovlardagi g‘alabasi haqida eslab shunday degan: «Biz buni bir marta qildik. Va bu gal ishni oxirigacha yetkazib qo‘yamiz».

«Agar bu korrupsiyalashgan tizimning batamom yo‘q bo‘lishini istasangiz, unda 3 noyabrda [2020 yil] kelib, ovoz bering, ovoz bering, ovoz bering», degan prezident o‘zining siyosiy raqiblariga to‘xtalib.

Tramp nutqi davomida qurolli kuchlarni mustahkamlagani, Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgani va butun Yevropaga energiya tashuvchilarni yetkazishning muqobil manbalarini taqdim qilganini, bu esa Rossiyaga jiddiy raqobat hosil qilganini ta'kidlab o‘tgan.

«Hech kim Donald Trampchalik Rossiyaga nisbatan qattiqqo‘llik namoyish qilmagan. Demokratlarni Rossiya tashvishlantirmaydi, ularni faqat hokimiyat tashvishlantiradi», degan u.

AQSh prezidenti lavozimi uchun 59-saylovlar 2020 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Top