9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

20:20 / 20.06.2019 31821

Xitoy raisi 14 yil deganda Shimoliy Koreyaga bordi. Nega aynan hozir?

Foto: AFP

Xitoy xalq respublikasi raisi Si Tszinpin davlat tashrifi bilan Shimoliy Koreyaga bordi. Xitoy davlat rahbarlari 14 yildan buyon Shimoliy Koreyada bo‘lishmagandi. 2012 yil hukumat tepasiga kelgan Si Tszinpin Koreya yarimorolining shimoliy qismiga ilk marta tashrif buyurdi. Nega bu tashrif aynan hozir amalga oshmoqda?

Kim Chen In va Si Tszinpin birinchi marta uchrashayotgani yo‘q. Ular bungacha 4 marta yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazishgan, lekin Shimoliy Koreyada emas. Xitoy xalqaro sanksiyalardan sillasi qurigan Shimoliy Koreyaning asosiy savdo hamkori ekani bu tashrifning aslida noodatiy holat emasligini ko‘rsatadi. Ammo 14 yildan buyon Xitoy rahbarining KXDRga ilk marta borishi chindan e'tiborga molik voqea.

Tashrif aynan hozir amalga oshayotgani ham bejiz emas. Bir haftadan so‘ng Yaponiyada «Katta 20talik» davlatlari yig‘ilishi boshlanadi. Unda Xitoy yetakchisi amerikalik hamkasbi va «do‘sti» Donald Tramp bilan uchrashadi. Uchrashuv vaqtida Tramp Xitoyning yaxshi hamkori hisoblangan KXDR yetakchisi bilan o‘xshamagan muzokaralari haqida gapirishi haqiqatga yaqin. Shu bois rais (ya'ni Xitoy yetakchisi) Kim Chen Indan Tramp bilan muzokaralar chog‘ida nimalar bo‘lganini shaxsan so‘rab olishi mumkin.

2019 yil fevral oyida Kim Chen In va Donald Tramp Vetnamda Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish borasida muzokara o‘tkazishgan va oxir-oqibat hech qanday kelishuvga erisha olishmagandi. Shundan buyon ikki tomon ham jimib ketdi. AQSh tomonining ta'kidlashicha, muzokaralar janob Kim Chen Inning injiqligi bois «boshi berk ko‘chaga kirib qolgan».

Xitoy yetakchisining Shimoliy Koreyaga tashrifi shu haftada aniq bo‘lgani uning favqulodda xarakterda ekanini anglatmaydi. Chunki Xitoy - KXDR munosabatlarining 70 yilligi yaqinlashmoqda va bu uchrashuv kutilgan ekanini ko‘rsatadi.

Xitoy KXDR bilan iqtisodiy aloqalar yaxshilanishini xohlaydi. Shimolliklarning yadro dasturiga zo‘r bergani ikki mamlakatning aloqalariga salbiy ta'sir qilgandi. Xitoy yetakchisi KXDRni yadro dasturidan voz kechishga yana bir bor undab ko‘radi.

China Daily nashri ikki davlat yetakchilari nafaqat «dildan suhbat qurish» uchun, balki konkret hamkorlik borasida kelishuvlar imzolash uchun uchrashgani haqida yozdi.

Bu tashrif Kim Chen In uchun AQShga «Ko‘rib qo‘yinglar, Xitoy biz bilan», deyish uchun ham ayni muddao. Esingizda bo‘lsa, janob Kim yaqinda Rossiyaga borgan va bu ham qaysidir ma'noda okean ortidagilarga «qo‘l siltab qo‘yish» bo‘lgandi.

Xitoy Shimoliy Koreyaning asosiy eksport tovarlarini xarid qiladi. Iqtisodi haminqadar bo‘lgan KXDR Xitoyga qazilma boyliklari, to‘qimachilik mahsulotlari va baliq eksport qiladi. Yetmaganiga minglab shimoliy koreyaliklar Xitoyda mehnat qiladi.

Xitoy KXDRdan boshqa xo‘jalik mahsulotlarini ham import qilardi, lekin sanksiyalar sabab bu tovarlar savdosi to‘xtab qolgan. Xitoy sanksiyalarni yengillashtirish uchun har qancha harakat qilmasin foyda bo‘lmayapti. Xitoydek iqtisodiy derjava uchun Shimoliy Koreya bilan savdo aloqalarining butkul uzilishi halokatli bo‘lmasligi aniq, biroq Xitoy «bir kun foydasi tegishi»ni inobatga olib qo‘shnisi bilan aloqalarni uzmaydi. Xitoy Shimoliy Koreyadan AQShga bosim o‘tkazish uchun foydalanadi, deydiganlar ham topiladi.

Top