8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

19:07 / 21.06.2019 8968

Tez yordam mashinalari uchun jarimalar bekor qilinishi mumkin

Joriy yilning 21 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat»  SDP fraksiya va partiya Siyosiy Kengashining Ijroiy qo‘mitasi bilan birgalikda o‘tkazilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilish davomida deputatlar O‘zbekiston «Adolat»  SDP fraksiya a'zolari To‘lqin Abdusattarov, Shuhrat Yakubov, Qodir Jo‘rayevlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Qonunchilik palatasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 171-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida» gi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari sog‘liqni saqlash tizimi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini o‘rganish ishlari yakuniy xulosasi, mutaxassislar bilan olib borilgan amaliy muloqotlar va tahlillar asosida ishlab chiqilgan.

«Tez tibbiy yordam xizmati xodimlari yordamiga muhtoj bemorlar uchun har bir daqiqa, har bir soniya qimmatli. Afsuski, shifokorlarning chaqiruv bo‘yicha joyiga vaqtida yetib borishi bilan bog‘liq muammolar tez-tez uchrab turadi. 

Bunga har qanday shoshilinch holatda ham tez tibbiy yordam mashinasi haydovchilarining maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga majburligi sabab bo‘lmoqda. Ba'zi kechiktirib bo‘lmaydigan shoshilinch holatlarda esa, tez tibbiy yordam xodimlari yo‘l harakati qoidalarini buzishga majbur bo‘lmoqda va javobgarlikka tortilayotgani ma'lum bo‘ldi», — deyiladi partiya axborotida. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tez tibbiy yordam xizmati haydovchilari tomonidan 2017, 2018 yillarda va 2019 yilning yanvar oyida jami 1 644 ta yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan va bu raqamlar yildan yilga ortib bormoqda.

Shu maqsadda, fraksiya a'zolari tashabbusi bilan taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi tez tibbiy yordam avtomashinalarining maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq amaliyotdagi ayrim muammoli holatlar bartaraf etilishiga xizmat qilishi mumkin.

Top