8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

11:53 / 22.06.2019 2855

Ilm-fan va ishlab chiqarishni bog‘lovchi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha taklif

Foto: Shutterstock

Qisqa mazmuni:

Ilm-fan sohasidagi olinayotgan ilmiy natijalarning bevosita ishlab chiqarishga tatbiqi ayni paytda mamlakatimizda juda past darajada. Hattoki, kam sondagi ishlab chiqarishga tatbiq etildi, deyilgan ilmiy natijalarning keyingi holati yuzasidan yetarli nazorat yo‘q. Buning sabablari, albatta, ko‘p, lekin asosiylari quyidagilar deb bilaman:

1) Ilm sohasidagi mutaxassislar ishlab chiqarish jarayonini yaxshi tushunmaydi. Shu sababdan bevosita tatbiq qilinishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar ustida ishlamaydi. Ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etadigan muhandis-texniklarda o‘z sohasiga tegishli bo‘lgan bilimlar yetishmaydi. Bu ikki tipdagi mutaxassislar hamkorligi yo‘lga qo‘yilmagan;

2) Davlat tomonidan to‘liq yoki ishlab chiqarish korxonalari bilan birgalikda qisman moliyalashtirilgan ilmiy loyihalar natijalarini ishlab chiqarishga qanday tatbiq etilgani va bu davlat korxonalari uchun qanday iqtisodiy foyda keltirilgani tizimli ravishda nazorat qilinmaydi.

Bu muammolar oldini olish uchun ilmiy tekshirish institutlarida magistraturalarni ochish va maxsus dasturlar orqali bevosita ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviylikni ta'minlagan holda mutaxassislarni tayyorlash taklifi berilmoqda. Ishlab chiqarish korxonalarini bu jarayonga moliyaviy tomondan jalb etish ham ko‘zda tutilmoqda. Magistraturaga talabgorlarning bazaviy ma'lumoti fundamental yo‘nalishda ham, muhandislik yo‘nalishida ham bo‘lishi mumkinligi alohida ta'kidlangan.

Bu yo‘nalishda magistraturaga talabgorlarni oshirish maqsadida bunday mutaxassislikka ega bo‘lganlarga ish joylarida yuqori tabaqalashtirilgan oylik maoshlari bilan ta'minlash taklifi ham ilgari surilmoqda.

Batafsil ma'lumot:

Taklif berilayotgan sohadagi hozirgi holatning qisqacha tasnifi:

Respublikamizda ilmiy tadqiqot ishlari asosan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda mamlakatdagi turli universitetlarda olib boriladi. Ayni paytda amal qilayotgan tizimga ko‘ra, bu ishlar asosan davlat tomonidan moliyalanadigan ilmiy loyihalar orqali amalga oshiriladi. Ilmiy loyihalar fundamental, amaliy va innovatsion turlarga ajratilib, ularning hisobotlari ham mos ravishda turli talablar asosida qabul qilinadi. Olingan ilmiy natijalarni patentlash, ularning amaliyotdagi tatbiqi haqidagi hujjatlarning nazorati talabga javob bermasligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fanlar Akademiyasi Yadro fizika institutida bir guruh olimlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham alohida ta'kidlandi. Ilmiy natijalarni tijoratlashtirish bo‘yicha yangi fikrlar yangradi.

Ayni paytda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarning aksariyati ishlab chiqarish bilan bevosita aloqasi yo‘qligi bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishi mumkin bo‘lgan tadqiqot masalalari bilan shug‘ullanmaslikka sabab bo‘lgan bo‘lsa, davlatga tegishli ishlab chiqarish korxonalarining turli omillar sababli yangi ilmiy natijalarni tatbiq qilishga qiziqmasligi oradagi jarlikni yanada chuqurlashtirdi. Bunday korxonalarning ba'zilarida ilmiy tatqiqot markazlari bo‘lsa ham ularning faoliyati ilmiy ishlarni koordinatsiya qiluvchi davlat organlari tomonidan yetarlicha monitoring nazorati amalga oshirilmagan.

Ilmiy tekshirish institutlarining tayanch doktoranturasiga kelayotgan magistrlarda ishlab chiqarish bilan bog‘liq predmetlar bo‘yicha bazaviy ma'lumotlarning yo‘qligi va mazkur institutlardagi mavjud ilmiy yo‘nalishlarda bevosita ishlab chiqarishga oid masalalarning o‘rganilmasligi ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatini faqat nazariy tadqiqotlarga yo‘naltirishga sabab bo‘lmoqda.

Taklif mazmuni:

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan O‘zR FA ilmiy tekshirish institutlarida bevosita ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi zavod, korxonalarni jalb qilgan holda magistraturalar ochish, keyinchalik, bitiruvchilarni aynan ilmiy natijalarni ishlab chiqarishga tatbiqi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar qatlamini yaratishda asos qilib olish taklifi berilmoqda. Ochiladigan magistraturalarda faqatgina sohaga oid kurslar o‘tilishi, 2 yillik o‘qishning bevosita amaliyot bilan bog‘liq holda olib borish nazarda tutilmoqda. Magistraturaga fundamental yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavrlik diplomiga ega talabgorlardan tashqari texnika yo‘nalishidagi OTM bakalvrlarini ham jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Bunday holatda ularga o‘tiladigan maxsus kurslar ikki xil yo‘nalishda: fundamental fanlar yo‘nalishidagi bitiruvchilar uchun asosan ishlab chiqarishga oid kurslar o‘tilsa, muhandislik yo‘nalishidagi talabalar uchun fundamental yo‘nalishdagi kurslar o‘tilishi rejalashtirilgan.

Magistraturani moliyalash davlat va ishlab chiqarish korxonalari mablag‘lari evaziga amalga oshirilishi taklifi berilmoqda. Moliyalash taqsimoti, mexanizmi talabdan kelib chiqib turlicha holda ishlab chiqishi nazarda tutilgan.

Kutilayotgan natija:

Bunday magistratura bitiruvchilari ham fundamental bilimlarga, ham ishlab chiqarish amaliyoti, ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislar bo‘lishi va ilmiy natijalarning ishlab chiqarishga tatbiqida asosiy rol o‘ynaydi. Bunday mutaxassislarga ish joylarida beriladigan oylik maoshlarni ma'lum koeffitsiyent bilan to‘lanishi bu yo‘nalishga talabning ortishiga olib keladi va bu sohadagi kadrlar yetishmovchiligi muammosining oldi olinadi.

Ilmiy tadqiqot natijalarini bevosita ishlab chiqarishga tatbiq qilish zanjirida muhim halqa yaratiladi. Keyinchalik ilmiy loyihalardagi masalalarning aksar qismi bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘ladi va davlat tomonidan fanga ajratiladigan mablag‘larning foydalilik koeffitsiyenti ortadi.

Bunday magistraturalar fundamental, tabiiy fanlardan tashqari, ijtimoiy-gumanitar, iqtisodiy yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar uchun ham ochilishi va yuqorida ko‘zlangan maqsadlarga erishish mumkinligiga e'tiboringizni qaratmoqchimiz.

Bundan tashqari, ilmiy tadqiqot institutlariga yosh kadrlarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatishini alohida ta'kidlaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi,
V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti
katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi
Erkinjon Karimov

Top