Jahon | 11:07 / 19.06.2023
4424
2 daqiqa o‘qiladi

Ekspertlar: G‘arbiy Yevropada ishlab chiqarish qisqarishi kutilyapti

Horváth tadqiqotiga ko‘ra, xalqaro korporatsiyalar, jumladan sanoat kompaniyalari quvvatlar va xodimlarni Shimoliy Amerika, Xitoy va Hindistonga ko‘chirmoqchi. 

Foto: AP

Xalqaro kompaniyalarning deyarli uchdan bir qismi (30 foiz) keyingi besh yil ichida G‘arbiy va Janubiy Yevropada xodimlar sonini yoki ishlab chiqarish quvvatlarini qisqartiradi. Ular hududiylashtirilib, Shimoliy Amerika, Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlariga, jumladan, Hindistonga ko‘chiriladi. Bu haqda Horváth kompaniyasi boshqaruv maslahatchilari tomonidan olib borilgan tadqiqotda aytilgan. AFP agentligi 18 iyun, yakshanba kuni hisobotdan parchalar keltirdi

Umuman olganda, so‘rovda qatnashgan kompaniyalar jahon iqtisodiyotining yanada o‘sishini, kadrlar va salohiyatning oshishini kutishmoqda, biroq bu Yevropa korxonalariga emas, balki dunyoning boshqa mintaqalaridagi zavodlarga foyda keltiradi, deya ta’kidladi agentlik. 

Mutaxassislarning fikricha, bu tendensiyaning asosiy sabablari - xodimlarga nisbatan yuqori xarajatlar va Yevropada ishchi kuchi yetishmasligi. Bundan tashqari, korxonalar iqtisodiy sabablarga ko‘ra ishlab chiqarishni hududiylashtirishga harakat qilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Osiyo tobora muhim savdo bozoriga aylanmoqda. 

Hisobotda aytilishicha, Sharqiy Yevropa Markaziy, G‘arbiy va Janubiy Yevropaga nisbatan arzonroq ishchi kuchi tufayli quvvatlar uchun joy sifatida talabga ega bo‘lib qoladi. So‘rovda qatnashgan kompaniyalarning qariyb 58 foizi u yerga sarmoya kiritishni davom ettirmoqchi. 

Biroq, aksariyat firmalar Shimoliy Amerika (71 foiz) va Osiyoda quvvatni oshirishni rejalashtirmoqda. Hindiston eng ko‘p foyda ko‘radi (kompaniyalarning 79 foizi o‘rta muddatli istiqbolda u yerga ko‘chishni xohlaydi). Shu nuqtayi nazardan, Indoneziya va Vetnam ham tobora jozibador bo‘lib bormoqda. 

Xitoyning muhim savdo bozori sifatidagi roli ortib bormoqda, shuning uchun kompaniyalarning 61 foizi u yerda o‘z faoliyatini kengaytirish niyatida.

Mavzuga oid