8578.36 USD +3.62

9628.35 EUR -119.41

134.52 RUB -1.31

10742.7 GBP -141.24

14:24 / 01.07.2019 35844

«Qurol to‘g‘risida»gi qonun: qo‘rquv va xavotirlar asoslimi?

Foto: REUTERS

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarayotgan ayrim fuqarolarga, eng avvalo, qonun bilan yaxshiroq va yaqinroq tanishib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardik, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Rahmonov.

Bildirilishicha, qonunda fuqarolarga o‘qotar qurollar sotish, ulardan bemalol foydalanish mumkinligi haqida bironta band yo‘q. Aksincha, bunday faoliyat yanada qat'iy nazoratga olinyapti.

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Qurol to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Tabiiyki, savol tug‘iladi: mazkur qonun o‘zi bizga kerakmi? Unda qanday normalar belgilanmoqda? Kimlar qurol olib yurish huquqiga ega bo‘ladi? Bu faoliyatni qaysi organ nazorat qiladi? Deputat ana shu savollarga javob izlagan.

Yangi qonunga qanday ehtiyoj bor edi?

Ma'lumki, shu paytgacha O‘zbekistonda qurol bilan bog‘liq qonun qabul qilinmagan edi. Bugunga qadar fuqarolik, xizmat va jangovar qurollarga tegishli tartib-qoidalar o‘ndan ziyod qonun hujjatlari asosida boshqarilardi. Endilikda “Qurol to‘g‘risida”gi yangi qonun bilan shu paytgacha mavjud bo‘lgan barcha hujjatlar umumlashtirilib, yagona majmua holatiga keltirildi.

Qayd etish o‘rinli, qonunni ishlab chiqishdan ko‘zlangan maqsad amaldagi me'yoriy-huquqiy asoslarning to‘liq va mukammal emasligi, yagona mexanizm yo‘qligi va shu sababli vujudga kelayotgan ko‘plab huquqiy anglashilmovchiliklar o‘rnini to‘ldirishdir. Jumladan, qurol va o‘q-dori kabi tushunchalarning qonunchilikda aks ettirilmagani mavjud turli qurollarga ega bo‘lish, ularni olib yurish va saqlash holatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgandi.

Shuningdek, chet davlatlar va respublikamizda qurolning yangi turlari, o‘q-dorilarining keng aylanishi sharoitlarida amaldagi qonun hujjatlarida tegishli yuridik tushunchalar mezoni, ularni muomalaga kiritish asoslari, taktik-texnik xususiyatlari hamda ijtimoiy xavfliligi darajasiga ko‘ra cheklovlar belgilanmagan. Bu kabi holatlar qurol muomalasi va qurolga ega bo‘lgan tashkilotlar hamda fuqarolarning faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish bo‘yicha yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yishga to‘sqinlik qilayotgandi.

Endilikda yangi qonun bilan qurolga egalik qilish, sotish va quroldan O‘zbekiston hududida foydalanish tartibga solinadi. Bunda qonuniylik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini ta'minlash ustuvorligi belgilanmoqda.

Qurolning qanday turlari tasnif etilmoqda?

Qonun bo‘yicha qurol turlari uch tasnifga bo‘linadi. Bular — fuqaroviy qurol, xizmat quroli hamda jangovar quroldan iborat. O‘z navbatida, fuqaroviy qurol ov quroli, sport quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish (gaz ballonchalari, mexanik tarqatuvchilar va aerozol, elektroshok uskunalari, uchqun chiqaruvchi qurilmalar) quroliga bo‘linadi.

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkni himoya qilishga, tabiatni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus xat-xabarlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni bajarish chog‘ida yuridik shaxslarning xodimlari, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan shaxsiy xavfsizlikni ta'minlash maqsadida foydalanish uchun mo‘ljallangan qurol xizmat quroli jumlasiga kiradi.

Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa tuzilmalar tomonidan qo‘llaniladigan, jangovar harakatlarni olib borish hamda xizmat vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan qurol esa jangovar qurol sanaladi.

Kimlar quroldan foydalanish huquqiga ega?

Qonunda qurolni va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lgan sub'yektlar ro‘yxati belgilangan. Maxsus organlar va harbiy tuzilmalar, maxsus xizmat vazifalariga ega bo‘lgan, qurol ishlab chiqarish va uni realizatsiya qilish, ovchilik va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar, qurolni kolleksiyalash yoki ko‘rgazmaga qo‘yish bilan shug‘ullanadigan yuridik va jismoniy shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ana shu ro‘yxatga kiradi.

Fuqaroviy qurollarni sotib olish uchun ruxsatnoma Milliy gvardiya tomonidan uch oy muddatga beriladi. Bunda sport qurollari va o‘zini o‘zi mudofaa qurollarini sotib olish huquqiga 18 yoshdan oshgan, fuqaroviy ov qurollari va ularning o‘q-dorilarni sotib olish huquqiga esa 21 yoshdan oshgan fuqarolar ega bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, fuqaroviy quroliga ega bo‘lish qat'iy tartib va talablardan iborat bo‘lib, istagan kishi uni sotib olish va foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Shuningdek, birovning nomiga olingan ruxsatnoma bilan boshqa odam qurol yoki o‘q-dorilarni sotib ololmaydi. Sotib olingan qurollar esa Milliy gvardiya organlarida 10 kun muddat ichida ro‘yxatga olinadi va shundan so‘ng fuqaroga uni saqlash va olib yurishga ijozat beriladi.

Qanday hollarda ulardan foydalanish mumkin?

Fuqaroviy va xizmat qurollarini saqlash va olib yurish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ulardan faqatgina o‘zi, boshqa fuqarolar va mol-mulklarini himoya qilish zaruriyati vujudga kelganida yoki o‘ta zarur bo‘lgan vaqtlardagina qo‘llashi mumkin.

Quroldan foydalanishdan avval bu haqda qurol qo‘llanilayotgan shaxs aniq qilib ogohlantirilishi kerak. Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishiga olib kelgan har bir holat to‘g‘risida qurol egasi qurol qo‘llanilgan joydagi ichki ishlar organiga darhol xabar qilishi, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishi shart. Fuqaroviy qurollarni homilador ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, voyaga yetmaganlarga qarshi qo‘llash taqiqlanadi.

Fuqaroviy va xizmat qurolini saqlash hamda olib yurish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar ulardan xavfsiz foydalanishga doir belgilangan qoidalarni bajarishi shart.

Qurollarni qayerdan sotib olish mumkin?

Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini realizatsiya qilish litsenziya talab qilinadigan faoliyat turiga kiritiladi. Ushbu toifadagi qurol hamda uning o‘q-dorilarini realizatsiya qiluvchi tashkilot qurol hamda uning o‘q-dorilarining but saqlanishini, ularni saqlash xavfsizligini ta'minlaydi, xaridordan muayyan qurol turini olishga doir ruxsatnomani ko‘rsatishini talab qiladi.

Muayyan qurol turini olishga doir ruxsatnomani taqdim etmagan jismoniy va yuridik shaxslarga fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini, shuningdek, raqami va ishlab chiqaruvchining tamg‘asi mavjud bo‘lmagan qurolni realizatsiya qilish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qo‘rqishga hojat yo‘q!

Qonundagi asosiy talab va mexanizmlar haqida yuqorida qisqacha ma'lumot berildi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda to‘pponcha va avtomatlarning rasmini qo‘yib, shov-shuv ko‘tarayotgan ayrim fuqarolarga eng avvalo, qonun bilan yaxshiroq va yaqinroq tanishib chiqishni tavsiya qilingan. Qonunda fuqarolarga o‘qotar qurollar sotish, ulardan bemalol foydalanish mumkinligi haqida bironta band yo‘q. Demak, xavotirlar o‘rinsiz. Zero, shu vaqtgacha ham ovchilar va sportchilar bunday qurollardan foydalanardi, endi esa bu faoliyat yanada qat'iy nazoratga olinyapti. O‘zini o‘zi himoya qilishga mo‘ljallangan qurollar haqida ham shunday fikr bildirish mumkin.

Ushbu qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o‘tgach, kuchga kiradi. Shuni unutmaslik lozimki, qonun hozircha parlamentning yuqori palatasi tomonidan ma'qullandi. Endi u prezident tomonidan imzolanishi va rasmiy e'lon qilinishi kerak.

Top