8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

03:13 / 12.07.2019 3481

Dunyo va O‘zbekiston: ayollar huquqlari himoyasi qay ahvolda?

11 iyul — Butunjahon aholishunoslik kuni munosabati bilan BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) va hukumat idoralari ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda butun dunyoda hamda O‘zbekistonda ayollarning huquqlari muhofazasi va reproduktiv salomatlik himoyasi holati haqida so‘z bordi.

Butun dunyoda ayollar huquqlarini himoya qilish, gender tengligini ta'minlash, reproduktiv salomatlikni mustahkkamlash Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustuvor harakatlaridan biri hisoblanadi.

«Bundan 25 yil avval, 1994 yilda Qohirada Aholishunoslik va taraqqiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilgan edi. 179ta mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegatni birlashtirgan bu konferensiyada insonning reproduktiv salomatligi va huquqlari, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va gender tengligini ta'minlash masalalari muhokama qilinib, bu huquqlarning zarurati tan olingan edi. Natijada, butun dunyo aholisining reproduktiv salomatligi, o‘z ixtiyori bilan oila qurish, homilador bo‘lish vaqtini ixtiyoriy belgilash, onalar o‘limini to‘xtatish, ayollar huquqlarini e'tirof etish butun bo‘yicha dunyo hamjamiyati birgalikda choralar ko‘rdi. Ammo hali ham o‘zining reproduktiv huquqlaridan mahrum bo‘lgan aholi mavjud. Hamma birdek qamrab olinmagan. 2019 yil Nayrobida bo‘lib o‘tadigan sammitda hukumatlar, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, xususiy sektor vakillari bir joyda jamlanib, mazkur masalalarni hal etish bo‘yicha takliflarni taqdim etadilar»,─ deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori  Helena Freyzer.

UNFPA’ning O‘zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Pedro Pablo Villanuevaning qayd etishicha, insonlarning eng oddiy haqlaridan bo‘lgan reproduktiv huquq, oila qurish kabi masalalarda hal etilishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p. «Hali barchani qamrab ololmaganimizni quyidagi raqamlar ham ko‘rasatadi: dunyo bo‘yicha 5 million homilador ayol tibbiy yordamga muhtoj, 274 million ayol o‘z istagan kontratseptiv vositalarga ega bo‘lmagani uchun homiladorlikning oldini olish imkoniyatiga ega emas. Har yili farzandini dunyoga keltirish chog‘ida 830 nafar ayol vafot etadi. 33.000 nafar qiz erta turmushga chiqishga majburlanadi. 11.000 nafar qizning jinsiy a'zolariga jarohat yetkaziladi.

Gender tengligi ta'minlangan, hech kim jinsiy zo‘ravonlikka duch kelmaydigan, hech kim o‘z ixtiyoriga qarshi oila qurishga majburlanmaydigan, har bir ayol homiladorlikni o‘z istagiga ko‘ra rejalashtiradigan, tug‘ruq jarayoni ona uchun ham, bola uchun ham xavf solmaydigan jamiyatni haqiqatga aylantirish uchun faqatgina umid kifoya emas. 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun bu masalalarni hal etish lozim», ─ deya ta'kidlaydi Villanueva.

Anjuman davomida hukumat vakillarining O‘zbekistonda ayollar huquqlari va reproduktiv salomatlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

Xususan, Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi, senator Zayniddin Nizomxo‘jayev taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Oliy Majlis tarkibida yangi tuzilma ─ gender tengligi bo‘yicha qo‘mita ish boshlaydi. «O‘tgan ikki yil ichida ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish bilan bog‘liq 15ta normativ huquqiy hujjat qabul qilingan. Yaqinda qabul qilinishi kutilayotgan Ayollar va erkaklar huquqlari va imkoniyatlari tengligi hamda Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar ham bu boradagi ishlar sur'atini oshiradi», ─  deya qayd etdi senator.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ayollar va oila masalalari bo‘yicha komissiya raisi, deputat Dilorom Fayziyevaga ko‘ra, bir qator sohalarda muammolarning ochiq qolayotgani qonunlarning ijro etilmasligi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. «Reproduktiv salomatlik umumiy sog‘likning asosi ekanligini yaxshi tushunamiz. Amaliyotdan ko‘rinib turibdiki, yaxshi qonunlar qabul qilinyapti. Lekin muammo ularning amal qilishi bo‘lib qolmoqda. Qonunlar ijrosi bo‘yicha Parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘ndalang bo‘lmoqda. Oila va Mehnat kodeksining yangi tahriri ko‘rib chiqilyapti, Fuqarolik va Jinoyat kodekslariga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rilyapti. Bunda jamiyatning har bir a'zosi, xususan, ayollarning ham huquqlariga e'tibor qaratiladi», ─ deya ta'kidlaydi u.

Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistonda jamiyat hayotida ayollarning faollashuvi kuzatilmoqda. Xususan, senatorlarning 17 foizi, Qonunchilik palatasi deputatlarining 16 foiz, mahalliy kengashlar deputatlarining 23 foizi, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarda 82 foiz, fan, ta'lim, madaniyat, san'at sohasida72 foiz, qishloq xo‘jaligida 45 foiz, sanoatda 38 ayollar faoliyat yuritadi.

«Deputatlikka Zulfiya mukofoti sovrindorlari nomzodlarini taklif etishga diqqat qaratilishi kerak. Zulfiyachilarning salohiyati tan olingan, baholangan. Ular faqat o‘z oilalari va kasblari bilan bog‘lanib qolmoqda. Ularning ijtimoiy-siyosiy hayotda ham faol bo‘lishlarini ta'minlashimiz kerak», ─ dedi Bositxonova.

Top