01:18 / 16.07.2019
23489
Abdusalom Azizov – O‘FA prezidenti. Saylov konferensiyasidan foto va videoreportaj

15 iyul kuni o‘zbek futbolidagi ko‘plab e'tiborli shaxslar Toshkentdagi «Radisson Blu» mehmonxonasida jam bo‘ldi va O‘FAning navbatdan tashqari konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferensiyada Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov O‘FA prezidenti etib saylandi. Birinchi vitse-prezident Ravshan Ermatov esa «vaqtincha» so‘zidan qutulib, bu lavozimning doimiy asosdagi egasiga aylandi.

YouTube

Tas-IX

Anjumanda so‘zga chiqqan Abdusalom Azizov o‘z nutqida futbol O‘zbekistondagi birinchi raqamli sport turi ekani, shu bois undagi natijalar xalqning kayfiyatiga ta'sir ko‘rsatmay qolmasligini ta'kidladi, prezident Shavkat Mirziyoyev futbolda adolat o‘rnatishga topshiriq berganini aytdi.

«Albatta, bu nafaqat prezidentimizning topshirig‘i, balki ko‘p millionlik futbol ishqibozlarining ham talabidir. Adolat, halollik bo‘lmagan joyda rivojlanish bo‘lmaydi», – dedi u.

Azizovga ko‘ra, futbolga halollikni olib kirish, totalizator va kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash O‘FAning birinchi raqamli vazifalaridan biri bo‘ladi. «Men prezident sifatida shunday deb hisoblayman», – deb qayd etdi u.

O‘FAning yangi rahbari o‘z so‘zida yangi rahbariyat sport prinsiplariga og‘ishmay rioya etishi kerakligiga alohida urg‘u berdi.

«Eng muhimi, bundan buyog‘iga Ijroqo‘m faqat sport prinsiplariga asosan ish olib borishi kerak. Har doim sport prinsiplari bo‘yicha ish olib borilsa, rivojlanish va albatta, uning ketidan g‘alabalar ham keladi», – dedi O‘FA prezidenti.

Abdusalom Azizov so‘zining yakunida futbol o‘zbek xalqining kayfiyatiga ta'sir etuvchi muhim omil ekanini yodga oldi.

«O‘ylaymanki, hali ko‘p uchrashamiz. Men juda ko‘p futbol fidoyilarini, faxriylarini bilaman, futbolimizga jon kuydirgan insonlarni bilaman. Ular bilan birgalikda albatta natija uchun harakat qilishimiz kerak. Futbol – halollik joyi bo‘lishi kerak», – dedi u.

Quyida Kun.uz fotomuxbiri obektiviga tushgan ba'zi fotolavhalar keltirib o‘tiladi.

Top